00:38 / 10.10.2017
34409

MMA jangini tomosha qilgani kelgan muxlis chempion unvonini qo‘lga kiritdi

Foto: Leonardo Fabri

Braziliyaning Juis-di-Fora shahrida aralash yakkakurash muxlisi Luis Felipe Alvim Juiz de Fora Fight 18 musobaqasi janglarini tomosha qilgani kelib, chempion unvonini qo‘lga kirita oldi. 

Musobaqaning bosh jangi o‘rta vazn toifasida Karlos Eduardo Rufino va Klaudiney Anjyelo o‘rtasida chempionlik unvoni uchun kechishi kerak edi. Biroq Rufino vazn o‘lchashdan o‘ta olmagan va jang bo‘lishi xavf ostida qolgan. Shu vaqtda Alvim tribuna orti xonasiga o‘zining eski tanishi – murabbiyi bilan ko‘rishish uchun tushgan. Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish uchun murabbiy sobiq shogirdiga ringga tushmagan ishtirokchi o‘rnini egallashni taklif qilgan.

Ta'kidlanishicha, Alvim jiu-jitsu bo‘yicha bir necha musobaqalar va tay boks bo‘yicha janglarda ishtirok etgan, biroq uning hisobida MMA qoidalari bo‘yicha birorta jang bo‘lmagan.

Natijada Alvim raqibiga bo‘g‘uvchi uslubni qo‘llab, jangni 1-raunddayoq o‘z foydasiga hal qilgan. Jangni 1500 tomoshabin kuzatib borgan va yangi chempion g‘alabasidan so‘ng sevgan yoriga turmushga chiqish taklifini bildirgan.

Top