15:30 / 12.10.2017
21941

MXX Toshkentga kuchli ta'sirga ega dorilarni yetkazib beruvchilardan birini qo‘lga oldi

Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan birgalikda o‘tkazgan maxsus tadbirida, kuchli ta'sir ko‘rsatuvchi, dorixonalarda retseptlarsiz berilishi taqiqlangan dori vositalarini sotish bilan shug‘ullangan shaxslar guruhining faoliyatiga chek qo‘yildi. Farg‘ona viloyatida tug‘ilganlar, avval sudlangan Zohid Masodiqov, uning onasi, to‘rt marta sudlangan Orzu Masodiqova va ularning sherigi Baxtiyor Ahmedov 1208 ta «lirika» va 1000 ta «tramadol» tabletkalarini 14 mln. so‘mga sotayotgan vaqtlarida jinoyat ustida qo‘lga olindilar.

Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, Zohid Masodiqov va Orzu Masodiqova ushbu dori vositalarni Baxtiyor Ahmedovdan ularni noqonuniy qayta sotish maqsadida sotib olganlar. Shu bilan birga, Baxtiyor Ahmedovning o‘zi tergovchilarni adashtirishga harakat qilib, yaqinda Qo‘qondan kelgani hamda bu dorilarni Zohid Masodiqovning iltimosiga ko‘ra, Toshkentda yashovchi Temur ismli shaxsdan sotib olganini aytgan. Biroq, tadbir davomida Ahmedov Toshkentda uzoq vaqtdan beri yashab kelgani hamda poytaxtga kuchli ta'sirga ega dorilarni yetkazib beruvchilardan biri ekanligi aniqlandi. Mirobod tumanidagi uning yashash joyi ko‘zdan kechirilganda, yana 4 mingta «lirika», 43 ta «tramadol» tabletkasi, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan ishlab topilgan 96,9 mln. so‘m hamda ikkita «qora buxgalteriya» daftari topildi.

Maxsus tadbir davomida umumiy hisobda 5208 ta «lirika» va 1043 ta «tramadol» tabletkasi olib qo‘yildi. Ularning taxminiy qiymati 80,2 mln. so‘mdan oshadi. So‘roq davomida Baxtiyor Ahmedov ularni O‘zbekiston hududiga olib kirishga ruxsat beradigan preparatlarni olish uchun sertifikatlar va boshqa hujjatlarni taqdim eta olmadi.

Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246- va 251-moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid
Top