Inson salomatligi Yaratganning ne`matidir. Ayniqsa, boshqalardan benuqson bo'lib, qo'l-oyog'ingizning but bo'lishining o'zi bebahodir. Oramizda bugun ana shu ne`matdan bebahra, taqdirida bor bo'lgan sinovli kunlarga sabr qilayotgan, hayotning qiyinchiliklari bilan kurashib kelayotganlar kam emas.

Endigina 12 yoshni qarshilagan Ravshanbek ham ana shunday metin irodali bolalardan biri. KUN.UZ tahririyatiga shu haqda maktub kelganidan so'ng biz uni ko'rgani bordik, uning oilasi bilan suhbatlashdik.

“Qo'li vaqti-vaqti bilan og'rib turibdi. Biroq, dorisini olib bera olmayapmiz. Dadasi nogiron odam, ularning ham hozir mazasi yo'q. 2013 yilning 20 oktabr kuni o'g'limni onamga tashlab, ishlashga kelgandim. Turmush o'rtog'im kasal, ro'zg'orni esa tebratish kerak. So'ng shunday dahshatli xabar keldi. O'g'lim onam bilan birga sexga borganida o'ynab, qo'lini dastgohga tiqib qo'ygan. Qo'li yelkasidan ketgan. O'tgan vaqt davomida 3 marta jarrohlik amaliyotidan o'tkazildi. Hozirda suyagi o'sib, operatsiyaga tayyor holda turibdi. Endi buni kestirmay turibmiz, sababi qo'l qo'ydirsak jarrohlik amaliyotida birdaniga qilamiz, deb. Mablag' yo'qligi uchun hozircha buni qila olmadik. Qo'lni Hindiston poytaxti Yangi Dehlida qo'ydirish mumkin ekan, o'zimizda buning iloji yo'qmish. Hamma hujjatlarimiz tayyor, faqat pul yo'qligi uchun bora olmayapmiz. 

Qilmagan murojaatim qolmadi. Hech qayerdan natija yo'q. O'zim choyxonada ishlayman, idish-tovoq yuvaman. Tsexda ham ishladim, biroq sog'lig'im to'g'ri kelmadi. Qandli diabet xastaligiga yo'liqqanman. To'rt nafar farzandim bor. O'g'lim ikkinchisi”, - deydi Ravshanbek Alisherovning onasi Dilnoza Polvonova ko'zida yosh bilan. 

Ravshanbek huquqshunos bo'lishni orzu qilmoqda. Hozirdanoq xalqiga xizmat qilishni qalbiga oliy maqsad qilib tugib qo'yibdi. Niyatlari, orzulari osmon bola. 

“Qo'limga nima bo'lgani aniq esimda yo'q, vaqti-vaqti bilan tushlarimga kirib chiqadi. Kelajakda yurist bo'lmoqchiman. Xalqimga, odamlarga xizmatim, yordamim tegishini xohlayman”, - deydi uning o'zi. 

Ravshanbek ayni kunda poytaxt Toshkent shahridagi 100-maxsus internet maktabida tahsil oladi. Ota-onasining yagona orzusi – Ravshanbekni davolatish va protez qo'yish.

KUN.UZ Ravshanbek uchun xayriya aksiyasiga start beradi. Aziz do'stlar, yordamingizni ayamang!

Xayriya qilmoqchi bo'lganlar uchun:

Plastik karta orqali: (Click, Payme) 

Agrobank: 8600 0417 3596 5247 – POLVONOVA DILNOZA

Telefon: (+99894) 687 87 09