16:20 / 12.10.2017
32190

«Janubiy Koreya Markaziy Osiyoda katta iqtisodiy sakrashga tayyorlanmoqda»

Janubiy Koreya hukumati Markaziy Osiyodagi mamlakatlar bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirish maqsadida maxsus agentlik tashkil etdi. Ushbu tashabbus Janubiy Koreyaning mintaqada iqtisodiy ishtirokni kengaytirish istagida ekanini namoyish etmoqda, deya yozadi EurasiaNet.org.

Ushbu agentlik – «Koreya-Markaziy Osiyo» hamkorlik bo‘yicha Forumi Kotibiyati (Korea-Central Asia Cooperation Forum Secretariat) - Janubiy Koreyaning «Yevroosiyo tashabbusi» loyihasi bo‘lib, u 2013 yilda avvalgi prezident davrida tashkil etilgan. Kotibiyat davlat tomonidan nazorat qilinadigan oshkora diplomatiya tashabbusi bo‘lgan «Koreya» jamg‘armasi sha'feligi ostida faoliyat olib boradi.

Joriy yilning iyul oyida rasmiy ravishda o‘z faoliyatini boshlagan kotibiyatga Markaziy Osiyodagi besh davlat - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakolatxonalari biriktirilgan. Ularga o‘z mamlakatlarining sarmoyaviy salohiyati haqida koreyalik tadbirkorlar xabardorligini oshirishga intilayotgan yaxshi niyat elchilari sifatida qaralmoqda.

Kotibiyatning maqsadlaridan biri Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi kuchli madaniy aloqalardan foydalanishdir. 1930-yillar oxirida, Sovetlar Ittifoqi hukumati qaroriga ko‘ra, SSSRning Uzoq Sharq chegara hududlaridan O‘zbekiston va Qozog‘istonga qariyb 100 ming etnik koreyslar majburan ko‘chirib kelingan. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda 500 mingga yaqin etnik koreys yashaydi.

Ayni paytda Janubiy Koreyaning mintaqadagi iqtisodiy ambitsiyalariga asosiy to‘siq uning jo‘g‘rofiy masofasidir. Koreyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy chegaralar yo‘q, mintaqa mamlakatlarida esa dengiz savdosini yo‘lga qo‘yishga imkon beradigan ochiq okeanga chiqish imkoni yo‘q. Masalan, Qozog‘iston poytaxti Ostona Seul shahridan 4,5 ming kilometr g‘arbda joylashgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi Koreya umumiy eksportining atigi 0.33 foizini va jami importning faqat 0,06 foizini tashkil qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Janubiy Koreyaga barcha eksporti asosan xom ashyodan iborat bo‘lib, Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mintaqada eng yirik Koreya diasporasiga (200 mingga yaqin) ega bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning beshta davlati orasida Koreya tovarlarining eng yirik importchisi hisoblanadi (2015 yilda import hajmi 1,28 milliard AQSh dollarini tashkil etgan). O‘zbekiston hududida Koreyaning 408 ta korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Koreyaning «Yevroosiyo tashabbusi» faoliyati so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan savdo-sotiqning kengayishiga ko‘maklashdi. Xususan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2016 yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,7 milliard dollarni tashkil etganini ma'lum qilgandi.

Taxminan 107 ming etnik koreys yashayotgan Qozog‘istonda qariyb 200 ta Koreya firmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Janubiy Koreya sarmoyasining eng yirik oluvchisidir. Xususan, 2013 yilda Seul Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha qo‘shma korxonaga 300 mln. dollar yo‘naltirish haqida qaror qabul qildi. Bir yil o‘tgach, koreyalik rasmiylar gaz olish va kimyoviy ishlab chiqarish sohasidagi turli loyihalarga 5 milliard dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgani haqida xabar berishdi.

2015 yil fevral oyida Koreyaning Hyundai Engineering kompaniyasiga Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash zavodini qurish uchun 2 milliard dollarlik pudrat berildi, 2016 yilda esa qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushirildi.

Koreyalik sarmoyadorlar 2016 yil may oyida Toshkent tomonidan e'lon qilingan davlat korxonalarini xususiylashtirishga bag‘ishlangan ko‘p bosqichli dasturda ishtirok etishi taxmin qilinmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Koreya kompaniyalari Sarbon-Neftegaz neft-gaz kompaniyasi, Samarqand vino zavodi va bir qator banklarning aksiyalarini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Aniq ma'lumotlar mavjud bo‘lmasada, Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 12 milliard dollarni tashkil etadi.

Mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi Janubiy Koreyaning eng yirik investitsion loyihasi, shubhasiz, 2015 yilda e'lon qilingan Pohang Iron & Steel kompaniyasining Turkmanistondagi 1 milliard dollarlik loyihasidir.

Mavzuga oid
Top