19:20 / 13.10.2017
30339

«Men ulardan haqiqatni yashirmayman». Qahramon ayol hikoyasi

UNICEF'ning rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, 140 milliondan ortiq bolalar ota-onasiz, yetim hisoblanadi. Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi bolalarni asrab olish esa murakkab va uzoq muddatni talab qiluvchi jarayonga aylanib ketadi. Lekin, Anastasiyaning sag‘ir bolani boshini silash, o‘z farzandi kabi tarbiyalashdek orzu-umidlari 15 yildan o‘tib ham so‘nmadi. U The Village nashriga boshidan o‘tganlarni so‘zlab berdi.

«Biz qaror qildik: farzand asrab olishimiz - eng to‘g‘ri yo‘l»

1999 yilda shifokor menda onkologik kasallik borligini, shu tufayli ona bo‘lish baxtidan mosuvo bo‘lganimni aniqlashdi. Aynan shu sababdan birinchi turmushim buzildi, u meni tashlab ketdi. Biroz muddat o‘tgach, hayotimni qaytadan baxt va quvonchga to‘ldira olgan kishini uchratdim. U mening jismoniy holatim va sog‘lig‘imdagi nuqsonni bilsa ham kelajagimizga ishondi. Qolaversa, biz ota-ona bo‘lishni, erkatoy farzandlarni tarbiya qilishni istardik. Surrogat yo‘li bilan farzand dunyoga keltirishga moliyaviy qurbimiz yetmadi, eng yaxshi yo‘li mehribonlik uyidan bola asrab olish bo‘ldi.

«Imkon bo‘lsa, uni qo‘ldan chiqarmanglar! Mening haqiqiy baxtim - sizdek farzandlarni voyaga yetkazganimda», deb xitob qildi otam. Bu so‘zlardan bir nechta hafta o‘tib, u olamdan ko‘z yumdi. Otamning so‘zlari esa menga katta umid berdi, «nima bo‘lsa ham farzandli bo‘laman», deb o‘ylab qoldim. Shu orada internetda nashr qilingan bolani asrab olish haqidagi e'longa ko‘zim tushdi. O‘sha zahotiyoq yuragim bir nimani sezganday jiz etib qo‘ydi.

Hujjatlarni yig‘ib kelish va mahalliy boshqarmaga topshirishga ikki kun muhlat yetarli bo‘ldi. Aslida bunday jarayonni tez hal qilmoqchi bo‘lsangiz, muloyim va o‘z ishini yaxshi tushungan idora xodimiga murojaat qiling.

«Birinchi uchrashuv»

Biz uchun bolaning irqi, millati, jinsining ahamiyati yo‘q. Asosiysi uning qanday ulg‘ayishi, birinchi so‘zlarni talaffuz etib, atrofdagilar bilan muloqot qilishini ko‘rmoqchi bo‘lganmiz. Olmaota shahridagi Kunayeva mehribonlik uyida biz o‘g‘limiz, Vanyani uchratdik. U bilan biroz o‘ynadik, bolacha bizga talpinaverishi ikkimizni ham quvontirib yubordi.

Lekin, bosh shifokorning shum xabari dillarimizni xira qildi: Vanya onasidan yuqtirib olgan OIV bilan kasallangandi. Shu paytgacha, bizning nazdimizda OIV bilan fohisha, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan kishilar chalinadi, deb o‘ylaganmiz. Shunga qaramay, kichik bolakayning kasali bilan qiziqdik. Shahar OITSga qarshi kurashish tibbiyot markazining ma'lumotiga tayanib aytishim mumkinki, Vanyaning dardi og‘ir ahvolda emasdi.

Xayolimda, bosh shifokor bizning talabimizni qondirishni emas, balki pora ko‘rinishida manfaat kutyapti qabilidagi fikrlar charx ura boshlandi. Bo‘sh qo‘l bilan qolib ketishdan qo‘rqib, boshqa mehribonlik uylariga ham murojaat qilaverdik. Uy hovlisiga kirib kelishimiz bilan qulog‘imga bolalarning beg‘ubor qichqiriqlari, yig‘isi va shovqini eshitilib turardi, ammo mutasaddi vakillar negadir bizni inkor qilaverdi. Har gal, «bu yerda asrab olish uchun bola yo‘q», degan javobni eshitishga o‘rganib ketdik.

Shunday kunlardan birida Shelek tomondagi mehribonlik uyida uch yoshli Varyani topib oldim. Turmush o‘rtog‘im Aleksey uni qo‘liga olib ko‘targan payt, qizaloqning ko‘zlariga boqib yig‘lab ham yubordi. Ming afsuski, vakolatli vakilning xabari bizni ikki karra garang qilayozdi: Varya OITSga chalingan bo‘lishi mumkin.

«Muammolar endi boshlanishi bilmagandik»

Mehribonlik uyida bosh shifokor asosiy «ish boshqaruvchi» ekanki, uning salbiy xulosasi bilan Aleksey va mening umidlarim puchga chiqishi hech gap emas. Shuning uchun davlat ta'minoti emin-erkin kun kechirayotgan bolalarga uy sharoitida ham shunday qulayliklarni yaratishga harakat qildik. Aslida bosh shifokorning mo‘maygina puldan qoldirayotganimizni o‘ylamagan ekanmiz.

Yana bir tarafdan sud va mahalliy hokimiyat vakillarining «injiqliklari», bola asrab olishning nozik masalalarini o‘ta jiddiy davlat sirini oshkor qilishdek qo‘rquv bilan hujjatga imzo chekishi bizni holdan toydirib qo‘ydi.

Qolaversa, 37 yoshimda birdan ikkita voyaga yetmagan bolalar xonadonimga kirib keldi, ikki yo uch kunga mehmon bo‘lib emas, balki butun umrga, hayotimizga qadam ranjida ayladi. Avvaliga, bolalar shovqiniga, tartibsizliklariga, ayniqsa, injiqliklariga o‘rganmagan uquvsiz ota-ona tez orada eng quvnoq kishilarga aylandi-qoldi.

«Men ulardan haqiqatni yashirmayman»

Bir kun keladi va albatta, men bolalarimga haqiqatni aytishim zarur. Biz hech qachon yolg‘on gapirishni istamaymiz, chunki oilaga bola, bolaga esa oila kerak edi. Biz uni tarbiyalashni xohladik va masala shu bilan tugadi. Varyaning sog‘lig‘i bizni tashvishga soladi, ammo oldinlari bo‘lgani kabi OIVdan qo‘rqmayman.

Muhimi biz to‘g‘ri qarorni qabul qila oldik va uni amalga oshirish uchun o‘n besh yil kurashdik.

Top