11:20 / 13.10.2017
14288

Tamaning oxiri voy

Foto: KUN.UZ

Gap-so‘zlaridan yolg‘on gapirayotganga o‘xshamaydi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari-yu sog‘liqni saqlash vazirliklarida tanish-bilishlari serobligini, bir og‘iz gap bilan xohlagan kollejga o‘qishga joylashi yoki bir bir o‘qishdan boshqasiga ko‘chirib berish uning uchun arzimaan ish ekanligini aytib turibdi. Qolaversa, tibbiyot kollejida shuncha yil ishlagandan keyin tanishlari ko‘p bo‘lishi mumkin-ku! Menimcha, shuning uchun ham unga bemalol ishonish mumkin.

Shohruhdan eshitganlari Muhiddin (ism-familiyalari o‘zgartirilgan)ga qanot bag‘ishlagandek bo‘ldi. Axir Qoratelpak qurilish kasb-hunar kollejida o‘qiydigan ukasini Shahrisabz tibbiyot kollejiga o‘tkazish masalasida anchadan beri bosh qotirib kelayotgan bo‘lsa-da, hech ilojini qilolmayotgan edi. Shu sababli Shohruh orqali uning tanishi Qamariddin bilan uchrashdi. Qamariddin Shohruhning aytganlarini takrorladi. Ukasining o‘qishini ko‘chirish masalasini vazirlikdagi tanishlari orqali hal qilib berishni va'da qildi va xizmatiga 800 AQSh dollari so‘radi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Yaxshi xabar ham, noxushi ham tez tarqaydi. O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalariga o‘qishga kirish ishtiyoqidagi yoshlarga yordam beruvchi yoki o‘qishni boshqa yo‘nalishdagi kasb-hunar kollejidan tibbiyot kollejiga ko‘chirish masalasini ham zumda hal qilish qo‘lidan keladigan “hojatbaror domla” haqidagi mish-mishlar zumda urchib, shunga yarasha talabgorlar ham paydo bo‘la boshladi.

Xullas, “hojatbaror”ga Kitob tumanida yashovchi bir fuqaro uchrashdi. Qamariddin uning o‘g‘lini tibbiyot kollejiga tanishlari orqali kiritib qo‘yishga so‘z berdi va evaziga avval 1000, ikki oydan keyin yana 800 AQSh dollarini olib, va'dani quyuq qildi. Ko‘p o‘tmay esa Muhiddin orqali o‘zi bilan tanishgan yana bir fuqaroning o‘g‘lini Shahrisabz tibbiyot kollejiga joylab qo‘yishni va'da qildi. Bu bilan u 700 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi.

Keyinchalik yana bir fuqaroning ishonchiga kirdi va uning qizini Pastdarg‘om tibbiyot kollejiga kiritib qo‘yishi haqida lof urib, undan 1000 AQSh dollarini undirdi. Keyinchalik esa xuddi shunday va'dalar bilan Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga qizini o‘qishga joylash qo‘lidan kelishini aytib, buning evaziga 1100 AQSh dollarini tamagirlik bilan qo‘lga kiritdi...

Bu ro‘yxatni yana ancha davom ettirish mumkin. Umumiy hisobda esa Qamariddin Boyzoqov 30 nafarga yaqin fuqarodan turli va'dalar berish orqali 17 ming 450 AQSh dollariga yaqin valyuta hamda 3 mln. 300 ming so‘m pul mablag‘larini tamagirlik yo‘li bilan undiradi.

Afsuski, uning jinoiy qilmishlari shulardangina iborat emas ekan. Aniqlanishicha, Qamariddin Boyzoqov 2014-2017 yillar davomida 24 nafar fuqaroning farzandlarini o‘qishga kiritish maqsadida, ularning o‘qishlari boshqa ta'lim muassasalaridan tibbiyot kollejlariga ko‘chirilganligi to‘g‘risida O‘rta maxsus kasb-hunar ta'lim markazi direktorining birinchi o‘rinbosari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi fan va o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘ining nomidan rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirib, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmalariga ijro etish uchun yuborgan ekan. Shuningdek, uch nafar abituriyentni Qarshi tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritish maqsadida ularning boshqa ta'lim muassasalarida ta'lim olganliklari va o‘qishlarini ko‘chirish bilan bog‘liq rasmiy hujjatlar, ya'ni buyruq, reyting daftarchasi hamda muhrlarni qalbakilashtirib, tibbiyot kollejiga taqdim qilishning hamda shu yo‘l bilan ularning o‘qishga qabul qilinishlarining ham uddasidan chiqqan.

Bundan tashqari, Q.Boyzoqov joriy yilning fevral oyi boshida Pastdarg‘om tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish joyida jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, hech bir sababsiz bilan fuqaro bilan janjallashib qoladi. “Raqib”ini uradi va sog‘lig‘ining buzilishiga sabab bo‘lgan yengil shikast yetkazib, bezorilik qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudi JKning bir nechta moddasi bilan ayblangan Qamariddin Boyzoqovga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, u fuqarolardan olgan pullar pora predmeti hisoblangani sababli davlat foydasiga undirish belgilandi.

Top