20:00 / 15.10.2017
13241

Parvoz vaqtida sog‘liqqa ziyon yetmasligi uchun nima qilish kerak?

Bir necha soat davomida o‘tirgan holatda, boshqa yo‘lovchilar bilan tirbandlikda bo‘lib, samolyotda parvoz qilish vaqtida organizmga ziyon yetishi mumkin. "Layfxaker" salomatligingizga ziyon yetmasligi uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya etadi:

1. Ilk reyslarni band qiling

Imkon qadar birinchi aviareysni tanlang. U katta ehtimol bilan o‘z vaqtida parvoz qiladi va yo‘lovchilarni kuttirib qo‘ymaydi. Boz ustiga, birinchi reysda adyol, yostiq va stollar dezinfeksiyalangan bo‘ladi.

2. To‘g‘ri joy tanlang

Faqat aeroportdagina favqulodda vaziyatlarda chiqish eshiklari yonidagi o‘rindiqlardan joy band qilish mumkin. Agar joyingizni o‘zgartirishni xohlasangiz, u yerga parvozdan ikki soat oldin yetib kelgan ma'qul. Favqulodda chiqish eshigiga yaqin joyda bo‘sh joy qolmagan bo‘lsa, o‘tish yo‘lagidagi o‘rindiqlarni tanlang. Shunda atrofingizdagilarni bezovta qilmay, o‘rningizdan turish imkoniga ega bo‘lasiz.

Ekonom-klassda kreslolar, odatga ko‘ra, mato bilan qoplangan bo‘ladi. Unda esa mikroblar, kanalar va allergenlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Biznes-klassda esa kreslolar charm bilan qoplanadi, nisbatan tozaroq bo‘ladi.

3. Parvoz oldidan immunitetingizni mustahkamlang

Samolyot ichida juda ko‘p kishi nafas olayotgan havoda bakteriyalar talaygina bo‘ladi. Shuning uchun, sayohat oldidan immunitetingiz borasida qayg‘urishingiz lozim. Masalan, ko‘proq vitaminlar iste'mol qiling yoki meva va sabzavotlar tanovul qiling.

4. Moychechakli choy iching

Moychechakli choy tinchlantiruvchi xususiyatlarga ega bo‘lib, tezroq uyquga ketishga yordam beradi. Agar samolyotda parvoz qilishdan qo‘rqsangiz, qo‘lda olib o‘tiladigan yukingizga moychechak choyidan bir necha paketcha olib, samolyotda uni iching.

5. Ko‘p suv iching

Parvoz vaqtida, ayniqsa spirtli ichimlik va kofein iste'mol qiladiganlarda organizm kuchli suvsizlanadi. Samolyot havosi quruq bo‘ladi, shuning uchun ko‘p suv ichish kerak bo‘ladi. Muqobil sifatida giyohli damlamalar tavsiya etiladi.

6. Jismoniy mashqlarni unutmang

Bu tromb hosil bo‘lishining oldini oladi. O‘tirgan joyingizda bo‘yin mashqlarini bajaring. Qo‘llaringizni navbatma-navbat boshingiz uzra ko‘taring, so‘ng ularni yelkangizga tekkizishga harakat qiling.

Har soatda umumiy badantarbiya mashqlari yaxshi foyda beradi. Shunday bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan boshni har tomonga qayirib, bo‘yin mashqlarini bajarish kerak.

7. O‘zingiz bilan foydali yegulik oling

Parvoz uzoq davom etmasa ham, har ehtimolga qarshi (masalan, reys ushlanib qolishi mumkin va uzoq kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin), o‘zingiz bilan foydali yeguliklardan oling. Masalan, donli batonchalar, yong‘oqlar yoki quruq mevalar.

8. Quloqlaringizni ehtiyot qiling

Samolyot parvozi va qo‘nish vaqtida ko‘pchilikning qulog‘i tinib qoladi. Kuchli bosim quloqlarga ziyon yetkazishi mumkin. Yoqimsiz hissiyotlardan xalos bo‘lishga saqich, shuningdek esnash va yutinish harakatlari yordam beradi.

9. Oyoqlaringizni chalkashtirmang

Parvoz vaqtida oyoqlaringizni chalkashtirib o‘tirsangiz, oyoqlar uyushishi mumkin, bu esa kuchli noqulaylik keltirib chiqaradi. Buning o‘rniga sumkani polga qo‘yib, oyoqlaringizni uning ustiga qo‘yib oling.

10. Burun va quloq bitishiga qarshi dori vositalarini oling

Bu ishni parvozdan bir kun oldin amalga oshiring. Parvoz vaqtida burun va quloq to‘silib, bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin.

11. Poyabzalingizni yechmang

Samolyotdagi havo bosimi shu qadar pastki, oyoqlar shishishi mumkin. Shuning uchun poyabzalni kiyganingizda siqishi mumkin, bu esa sizning xatti-harakatlaringizga noqulaylik tug‘diradi.

12. Aspirin qabul qiling

Uzoq vaqt davomida bir holatda o‘tirsangiz, qon oyoqlarga borib to‘xtab qolishi mumkin. Bu esa tromblar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Agar bu tromb o‘pka yoki hayotiy muhim ahamiyatga ega boshqa organga tushsa, bu insonning hayotdan ko‘z yumishiga olib kelish ehtimoli yuqori.

Oldindan shifokor bilan maslahatlashib, parvozdan bir kun avval va undan uch kun keyin aspirin qabul qiling. Aspirin qonni suyultiradi va tromb hosil bo‘lishining oldini oladi.

13. Chemodan yoki sumka o‘rniga ryukzakdan foydalaning

Ryukzak bilan lift yo eskalator yordamiga murojaat qilmay, zinalar bo‘ylab harakatlanish osonroq kechadi. Bunday sayr ko‘proq kaloriyani parchalashga va uzoq parvozdan oldin oyoqlarni "tayyorlash"ga yordam beradi.

14. Bir necha qavat kiyining

Salonda issiq bo‘ladimi yoki sovuqmi, bilib bo‘lmaydi. Futbolka, sviter va sharf kiying. Agar issiq bo‘lsa, shunchaki ustingizdagi kiyimni yechib qo‘yishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top