09:30 / 17.10.2017
7368

OAV: AQShdagi muhojirlar soni rekord darajaga yetdi

Foto: EPA/Juan Barak

AQShda qonuniy va noqonuniy tarzda istiqomat qilayotgan muhojirlar soni 2016 yil iyulida rekord darajaga yetib, 43,7 mln kishini tashkil etdi. Bu haqda Vashingtonning Immigratsiyani o‘rganish markazi nohukumat tashkiloti ekspertlari xabar qilmoqda. Ular AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosi ma'lumotlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelishgan, deb xabar qilmoqda TASS agentligi. 

Markaz tomonidan taraqatilgan hisobotda qayd etilishicha, 2000 yildan buyon xorijda tug‘ilib, AQShda doimiy yashayotganlar soni 12,6 mln kishiga yetgan. “Mamlakat aholisining umumiy ulushida muhojirlar hissasi 13,5 foizga yetdi. Bu so‘nggi 106 yildagieng yuqori ko‘rsatkichdir”, -deyiladi hujjatda.

“AQShdagi har sakkizinchi kishi birinchi avlod muhojirdir. <...> Bundan tashqari, mamlakatda 16,6 mln bola ota-onasidan hech bo‘lmaganda bir kishi muhojir bo‘lgan oilada dunyoga kelgan. Umumiy hisobda muhojirlar va ularning farzandlari 60,4 mln kishini tashkil etadi. Bu esa AQSh aholisining har beshinchisi demakdir”. 

"Har yili 1 mlndan ortiq kishiga ko‘payadigan muhojirlar Amerika jamiyati, uning ishchi kuchi, maktablari, infratuzilmalari, shifoxonalari va atrof-muhitga katta ta'sir ko‘rsatadi. Mamlakatda muhojirlar sonini yanada oshirish maqsadga muvofiqligi muhokama qilinishi kerak", - deydi markaz rahbarlaridan biri Stiven Kamarota.

2010 yildan e'tiboran so‘nggi 5 yilda AQShga muhojirlarni ko‘p yuborgan mamlakatlar beshligiga Hindiston, Xitoy, Dominikan respublikasi, Salvador va Kuba kiradi. Bu davr ichida Rossiyadan borgan muhojirlar soni 14 ming kishiga ortib, 397,2 ming kishiga yetgan.

Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, 2023 yilga kelib, mamlakat aholisi ulushida muhojirlar hissasi 14,8 foizga yetadi. 2060 yilda bu raqam 18,8 foizni tashkil etadi.

Hujjatda qonuniy va noqonuniy muhojirlar soniga oydinlik kiritilmagan, biroq boshqa manbalardagi ma'lumotlarga ko‘ra, noqonuniy muhojirlar soni 12 mln atrofidadir. 

Top