17:30 / 19.10.2017
19239

Agrofirma rahbarining qilmishlari

Huquqni muhofaza qilish organiga kelib tushgan ariza asosida olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining ruxsati olib o‘tkazilgan rejadan tashqari hujjatli tekshirishda “Mo‘yan-Sohibkor” agrofirmasi rahbarining jinoiy qilmishlari fosh etildi. Agrofirma qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, xarid qilish, saqlash, ichki bozorlarga yetkazib berish hamda chet davlatlarga eksport qilish bilan shug‘ullangan, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

2014 yil noyabr oyida paychilar kengashining yig‘ilishida o‘ttiz sakkiz yoshga kirgan Obidjon Javlonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) agrofirma rahbari lavozimiga tayinlanadi. Agrofirmaga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun “Milliy bank” Quvasoy filialidan 12 oy muddatga 500 mln. so‘m miqdorida kredit ajratib beriladi. O.Javlonov kredit mablag‘lariga Surxondaryo viloyatidagi fermer xo‘jaliklaridan hisori zotli qo‘ylarni sotib ola boshlaydi. “Denov hisori qo‘ylari”, “Xurshid ravnaqi” fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga 40 bosh va 192 bosh qo‘y olish uchun 50 mln. so‘m va 215 mln. so‘m o‘tkazdirib beradi. Qoramollar uchun yana 85 mln. so‘m o‘tkazadi. Vazirlar Mahkamasining agrofirmalar tomonidan shaxsiy yordam xo‘jaliklarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, chorva mollari, urug‘lik, ko‘chatlar belgilangan tartibda tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar hisobiga yetkazib berilishi haqidagi qarori talablariga zid ravishda, qo‘ylarni fuqarolarga “o‘zaro kelishuv” tuzib, nasiyaga berib yuboradi. Fuqarolardan jami 190 mln. so‘mdan ziyod qarzlarni undirish choralarini esa ko‘rmaydi. 48 mln. 778 ming so‘m qiymatdagi 36 bosh qo‘yni va narxi 2 mln. 800 ming so‘m bo‘lgan bir bosh qoramolni o‘ziga, ya'ni ruxsatnomasining muddati tugagan yakka tartibdagi tadbirkor O.Javlonovning hisobiga chiqim qilib, sotib yuboradi. Naqd pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaydi. Qo‘ylar viloyatdagi 8 ta korxonaga sotilgani haqida soxta hujjatlarni agrofirma hisobxonasiga kiritib qo‘yadi. 

Agrofirma bilan harbiy qism o‘rtasida kartoshka yetkazib berish haqida shartnoma tuziladi. O.Javlonov bank krediti hisobidan Toshkent shahridagi “Vernatural” MChJdan har kilogrammi 1500 so‘mdan 150 mln. so‘mga 100 tonna kartoshka xarid qilib oladi. 73,9 tonnasini harbiy qismga xarid narxiga nisbatan ikki barobar past narxda yetkazib beradi. Kamomadning o‘rnini qoplash uchun Quva tumanidagi agrofirmaga 21 mln. so‘mga 15 tonna kartoshka sotilgani haqida qalbaki hisob-fakturalarni rasmiylashtirib qo‘yadi. “Milliy bank” Quvasoy filialiga kredit mablag‘larining atigi 134 mln. 842 ming so‘mini qaytaradi. 365 mln. 158 ming so‘mni esa o‘zlashtirib, talon-toroj qilib yuboradi.

Bundan tashqari, Farg‘ona dehqon bozorida savdo qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor I.Xo‘jayevdan harbiy qismga topshirgani yetmay qolgan kartoshkani qarzga berib turishni iltimos qiladi. Biroz vaqt o‘tgach, “200 gektarda kartoshka yetishtirayapmiz, shundan olib foydalanasiz”, deya undan naqd pul so‘rab oladi. Aldab olgan kartoshkaning haqi va naqd pulni – jami 14 mln. 700 ming so‘mni qaytarib bermay, tadbirkorni sarson qiladi. Dastlabki tergovda u tadbirkorga yetkazgan zararni to‘liq qopladi.

O.Javlonov shuningdek, agrofirma bilan Rossiya Federatsiyasidagi “Uzsibinvest” korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan yuborilgan 2 ta vagondagi 86 mln. 413 ming so‘mlik yog‘och-taxtalarni Namangan shahridagi qurilish mollari bozorida naqd pulga sotib, pullarni nazorat-kassa mashinasiga kirim qilmay, savdo qoidalarini buzadi.

Agrofirmaga “Mahalla” xayriya jamoat fondining Farg‘ona viloyat bo‘limidan Toshkent shahridagi “Oloy” dehqon bozorida tashkil etiladigan savdo yarmarkasida sotish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilib olishga moliyaviy ko‘mak tarzida, 90 kun muddatda qaytarish sharti bilan 400 mln. so‘m ajratib beriladi. O.Javlonov ushbu mablag‘arning 80 mln. so‘mini maqsadsiz – bank krediti, soliq to‘lovlari, transport xizmati va boshqa xarajatlarga sarflaydi. Moliyaviy ko‘makning 320 mln. so‘mini bankdan naqd pulda olib, fuqarolardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qiladi. Ularning sotilishidan tushgan pul mablag‘larini agrofirmaga kirim qilmasdan, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyat bo‘limining sudga da'vo arizasi qanoatlantirilib, “Mo‘yan-Sohibkor” agrofirmasidan fond foydasiga 400 mln. so‘m undirish belgilangan. Sudning ajrimiga asosan agrofirmaning mol-mulklari xatlanib, sotuvga qo‘yilgan.

O.Javlonov agrofirma moliya xo‘jalik faoliyatining davlat soliq inspeksiyasiga hisobotlarida tovar aylanmasini kamaytirib ko‘rsatib, 71 mln. 781 ming so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan. Sud majlisida agrofirmaning sobiq rahbari aybiga qisman iqror bo‘ldi. Uning firibgarlik, o‘zlashtirib talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlashdan iborat jinoiy qilmishlari hujjatli dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan to‘liq isbotlandi. Ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan sudlanuvchidan “Mo‘yan-Sohibkor” agrofirmasiga 394 mln. 17 ming so‘m, “Milliy bank” Quvasoy shahar filialiga 365 mln. 157 ming so‘m, DSI hisobiga esa 71 mln. 781 ming so‘m undiriladigan bo‘ldi. 

Top