00:01 / 19.10.2017
8769

Tekshirishlarni ro‘yxatga olish elektron kitobining mobil versiyasi ishlab chiqildi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarning qonuniyligi ustidan nazoratni ta'minlash Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, deb yozadi vazirlik rasmiy sayti.

Shunga ko‘ra, vazirlik tomonidan tekshirishlarni ro‘yxatga olish elektron kitobi takomillashtirilib, uning mobil versiyasi ham ishlab chiqildi.

Ushbu tizimdan foydalanish uchun tadbirkorlik sub'yekti (foydalanuvchi) elektron raqamli imzodan foydalangan holda etk.minjust.uz saytiga kirishi hamda parol olishi lozim.

Tadbirkorlik sub'yektlari tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron tizimidan foydalanish orqali tekshirishlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari va tekshirishlarning reja-jadvali bilan tanishish, adliya organlarining «ishonch telefoni» raqamlariga hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat yo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu tizim nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkazilayotgan tekshirishlarning qonuniyligiga tezkorlik bilan baho berishga, ularning faoliyatiga noqonuniy ravishda aralashuvlarga chek qo‘yishga, buzilgan huquq va manfaatlarni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Top