20:34 / 21.10.2017
7768

Barselona meri Ispaniya hukumati qarorini tanqid qildi

Foto: AFP

Barselona meri Ada Kolau Ispaniya vazirlar kengashining Kataloniyaga nisbatan konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘llash qarorini barcha fuqarolar huquqlari va erkinliklariga hujum deb atadi. U bu haqda tvitterda aytib o‘tdi

Kolauning yozishicha, "Raxoy ko‘pchilik kurash olib borgan Kataloniyaning o‘zini boshqarish huquqini to‘xtatdi".  

Ispaniya vazirlar kengashi 21 oktabrda Kataloniya muxtoriyatini to‘xtatishga imkon beruvchi Ispaniya konstitutsiyasining 155-moddasini qo‘llash qarorini qabul qildi. Ispaniya bosh vaziri "markaziy hukumat Kataloniya muxtoriyatini cheklashga imkon beruvchi moddani qo‘llashni istamaganini" aytib o‘tdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, "Kataloniyada muxtoriyat cheklanmaydi, biroq qonun doirasidan chiqqan muxtoriyat hukumati chetlashtiriladi".   

Raxoyning aytishicha, Ispaniya vazirlar kengashi senatdan Kataloniya hukumati raisi, rais o‘rinbosari va qolgan maslahatchilarni o‘z lavozimlaridan chetlatishga ruxsat berishni so‘raydi. Bosh vazir Kataloniyada "vaziyat normallashishi bilan" saylovlar o‘tkazilishini e'lon qildi. "Muddat eng ko‘pi bilan 6 oy", deb aytgan Raxoy.

Kataloniyada 1 oktabrda mustaqillik referendumi o‘tkazildi. Bu referendum Ispaniya hukumati va konstitutsiyaviy sudi tomondan noqonuniy deb topilgan.

Mavzuga oid
Top