12:13 / 21.10.2017
26570

Diqqat, Mourino o‘zi intiladigan urush holatiga kirib oldi

Foto: Goal.com

«Liverpul» bilan durangdan so‘ng, Joze Mourino o‘zining komfort sharoitiga ega bo‘lib oldi. Qanday? Butun dunyo, balki uning yarmi portugaliyalik mutaxassis boshqaruvidagi himoyaviy uslubni qoralagan, bu ayniqsa, dahshatli darajada hujumkor o‘yin namoyish qilayotgan «Manchester Siti» fonida yanada xunuk o‘rinib qolgan, Mourino o‘zini oqlagan, qandaydir isbotlarni taqdim etgan, uyoqda Klopp, ha, bu yoqda Konte bilan qanaqadir gap otishlar...

Oraga go‘yoki murabbiyga «PSJ» yoqib qolgani, uning Manchesterda uzoq vaqt qolmoqchi emasligi haqidagi gaplar suqildi. Ha, ko‘p fikrlar kontekstdan yulib olingan, buni murabbiyning o‘zi ham aytdi, ammo gapirayotganda aynan qaysi so‘zlar yulib olinishini, qaysi fikrlar gazetalarning muqovasiga chiqib ketishini bilmaydimi Mourino? Biladi.

«Qiziq, mening jamoam yaxshi himoyalansa ham bu xuddiki jinoyatdek talqin qilinyapti» - dedi u «Benfika»ga qarshi mashhur 1:0 hisobidagi g‘alabadan keyin. Ha, Mourino urush holatida. Ayni muddao.   

Aksincha, avgust oylari Mourino uchun qandaydir noqulaylik tug‘dirgandi. Esingizda bo‘lsa, ha, balki esingizdan ham chiqqandir, «Manchester Yunayted» qatorasiga 4:0 hisobidagi g‘alabalarga erishdi, turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Kela solib gol ura boshlagan Lukaku, markazning hokimiga aylangan Matich, zaxiradan tushib doimo gol uravergan Marsiyal yoki Reshford. Baxtli De Xea. «Manchester Yunayted» hammani o‘ziga qaratib, ortidan ergashtiradigan bir baxtli oilani eslatardi.

Bilasizmi, bunday holatda Mourino ishlay olmaydi. Bu sharoitda u o‘zini suvga tushgan baliqdek his qila olmaydi. U hamma uchun etalon bo‘lishdan emas, hammaga qarshi kurashdan zavq oladi, kayf qiladi. Yo‘q, bu faqat kayf uchun emas, jamoasini ruhlantirish, bor kuch bilan o‘ynashga chog‘lash uchun ham u mana shunday faktorlarga ehtiyoj sezadi.

Foto: Yahoo Sports

«Men Kloppning o‘yin oxirida hujumga zo‘r berish uchun, yarim himoyachilaridan birini almashtirishini kutdim. Uch yarim himoyachidan biri almashtirilganda, bizda qarshi hujum qilishda imkoniyat bo‘lardi va men Reshford, Lingard orqali, o‘yinda burilishi yasashni rejalashtirgandim. Ammo Klopp markazdagi uchlikka tegmadi, shuning uchun biz ikkinchi bo‘limda hujum qila olmadik», dedi Mourino «Enfild»dagi o‘yindan so‘ng. Ko‘rayapsizmi, Mourinoning hatto o‘yinga qo‘yadigan strategiyasi ham raqibning qarorlaridan kelib chiqadi.

Mana shu jihatdan olib qaraganda, «MYu»ning Pep Gvardiola jamoasi soyasida ekani, balki turnir jadvalida ham ta'qibchi maqomiga o‘tib olishi Mourinoning bundan keyingi ishini ancha yengillashtiradigandek. U endi yo‘lboshchi emas, ular endi baxtli oila emas, aniqrog‘i, boshqalar ularni baxtli deb bilishmayapti, demak nimanidir isbotlash kerak. Uning muvaffaqiyatli jamoalari aynan shu maqomda bo‘lishgan, e'tibor bersangiz.

Lukaku, aytishlaricha, sen katta jamoalarga gol ura olmasmushsan, Pogba, sening narxing o‘yiningdan ko‘ra baland ekan va hokazo, hokazo. Mourino doim Pogbaning narxini gapiravermanglar, unga ta'sir qiladi deb gapiraverganda, gapiraverganda, aslida, ataylab qilgandek, aslida, o‘zi gapiraverib, gapiraverib, Pogbani ham urush holatiga olib kirmoqchi bo‘lgandek, tuyuladi menga negadir.

Mourinoning Madriddagi faoliyati uning xarakterini ochib beradi. «Barselona» kabi uch boshli ajdarhoni yengish uchun u «Real» ichkarisida «handaq» qazidi. Barchani bunga ishontirdi, Ispaniya chempionati jang frontiga, el klasikolar esa qonli to‘qnashuvlarga aylandi. Keyinchalik, «Real» qaysidir jangni yutdi, chempion ham bo‘ldi. Endi, peshqadam sifatida, hech kimga qaramasdan kuchli jamoa tuzishga kelganda esa, muammolar chiqdi. Eslang, Mourino so‘nggi yillarda futbolchilarining «Barselona» vakillari bilan do‘st bo‘lib yurganliklarini noto‘g‘ri deb, ularni ayblay boshlagandi hatto. Aynan Kasilyas, Ramos kabi Ispaniya terma jamoasi yetakchilarining e'tiroziga sabab bo‘lgani ham shundan edi, to‘g‘rimi? Nihoyat chempion bo‘lgan madridlik futbolchilar urush holatidan chiqishgan, Mourino esa, boshqacha sharoitda ishlay olmasdi.

Foto: Metro

Bilasizmi, bu nimani eslatadi? Bir-birini sevgan ikki yosh masalan, filmlarda, visolga yetishish uchun har qanday qarshilikni mardonavor yengishadi, hech narsadan qo‘rqishmaydi va nihoyat to‘y bo‘ladi. To‘ydan keyin esa, hatto idishni kim yuvishi masalasida ham janjallashib qolishlari mumkin.

Ataylabmi, yo‘qmi, yetarlimi, yetarsizmi, ishqilib, Mourino o‘zi intiladigan urush holatiga kirib oldi. «Manchester Yunayted» muxlislari uchun yaxshi tomoni shundaki, bunday vaziyat yaratilishi uchun jamoa ochkolarni yo‘qotishiga to‘g‘ri kelmadi. Xo‘sh, maydon aniq, Gvardiola shu yerda, zerikkanda salga lovillaydigan Konte va Klopp tayyor, uyog‘iga juda qiziqarli film boshlanadi, ishonavering. Ammo to‘ydan keyingi «janjallar» haqida rivoyatlar shunchalik ko‘pki, jamoa chempionlikka imkon qadar keyinroq yetib borishini, ya'ni filmning tugamasligini istab ham qolasiz beixtiyor. Tag‘in bilmadim.

Qahramon Aslanov

Top