22:59 / 21.10.2017
56391

Putin prezidentlikka yana saylanishi haqidagi iltimosga latifa bilan javob qaytardi

Foto: Vesti

Sochida o‘tayotgan "Valday" xalqaro munozaralar klubining yakuniy sessiyasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi prezidentlik muddati haqida o‘ylab ko‘rishi borasidagi iltimosga latifa bilan javob qaytardi. Yig‘ilish moderatori, "Valday" klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Fyodor Lukyanov Putinning yangi muddatga nomzodi ilgari surilishi haqidagi masalani ko‘tarmoqchi bo‘ldi. U bu haqdagi taklifini ochiqchasiga ifoda qilmay, "aylanma yo‘l" bilan bildirishga harakat qilgan. "Valday klubi siz boshqa qaror qabul qilsangiz qanday qilib majlis o‘tkazishimizni xayoliga keltira olmaydi. Biz sizga o‘rganib qoldik, siz biz uchun tumor kabisiz", deb aytgan Lukyanov.

"Bu siz meni boshqa chaqirmasligingizni anglatmasa kerak? Yoki harbiy muddatni yakunlagan askar kabi meni darhol hisobdan chiqarib tashlaysizlarmi?", deb javob qildi bunga Putin. 

"Fikrimcha, siz biror qaror qabul qilishingizdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘rishingiz lozim, Siz dunyoga keraksiz", deb qo‘shimcha qilgan Lukyanov.

Putin bunga javoban oligarxlar haqidagi latifa bilan javob berishga qaror qildi. "Bir oligarx kasodga uchrab, bu haqda rafiqasiga ma'lum qilibdi: "Bilasanmi, Biz "Mersedes"ni sotib, "Lada" sotib olishimizga, Rublyovkadagi dang‘illama uyimizni sotib, Moskvadagi kvartiramizga ko‘chib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq sen meni shunda ham sevaverasan-ku, to‘g‘rimi?". Rafiqasi esa unga: "Ha sevaveraman va juda sog‘inaman", deb javob qaytaribdi", deb o‘z latifasini so‘zlab bergan Putin.

"Biroq fikrimcha, siz meni uzoq sog‘inasiz deb o‘ylamayman", deb qo‘shimcha qilgan Putin.

Putin Moskvadagi "Rossiya energetika haftaligi" forumi doirasidagi yig‘ilishda 2018 yilgi saylovlarda ishtirok etish borasida bir to‘xtamga kelmaganini aytgan. Putin qonunga ko‘ra, prezidentlik kompaniyasi noyabr oxirida-dekabr boshida e'lon qilinishi kerakligini eslatib o‘tgan. "O‘ylaymanki, bu vaqtga kelib barcha asosiy nomzodlar o‘z rejalari va saylovoldi dasturlarini ma'lum qilishadi", deb aytgan Putin.

Putin yig‘ilishda Rossiyaning bo‘lg‘usi prezidenti ayol kishi bo‘lishi ham mumkinligini aytgan.

Top