18:55 / 23.10.2017
19614

MXX Namanganda valyutafurushlarga qarshi reydlar o‘tkazdi

O‘zbekistonda valyuta siyosatini yanada takomillashtirish, valyutani aholi va biznes vakillariga sotishning ochiqligini oshirish jarayoni davom etmoqda. Bugungi kunda istalgan fuqaro yoki tadbirkor uni tijorat banklarining filiallarida maxsus plastik kartalarga muammolarsiz sotib olishi mumkin. Keyingi bosqichda naqd chet el valyutasini sotish joriy etiladi.

Davlatning barcha sa'y-harakatlariga qaramay, mamlakatda noqonuniy yo‘llar bilan pul topishga tayyor odamlar uchrab turibdi. «Valyutafurushlar» faoliyatiga chek qo‘yish, iqtisodiyotning shaffofligini ta'minlash uchun Milliy xavfsizlik xizmati boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda xorijiy valyutaning noqonuniy aylanmasi va u bilan bog‘liq amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Kuni kecha Milliy xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament mintaqaviy boshqarmasi va viloyat IIB vakillari bilan birgalikda bir necha valyutafurushlar qo‘lga olingan maxsus amaliyotni o‘tkazdi.

Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 49 yoshli Komiljon Yusupov 8200 so‘mlik kurs bo‘yicha 4900 AQSh dollarini 40 mln. 180 ming so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi.

Namangan shahrida qo‘lga olingan 36 yoshli Faxriddin Kamolov esa yirik kelishuvlardan birini o‘tkazishga uringan. U 7 ming AQSh dollarini 57,5 million so‘mga almashtirishga harakat qildi.

Tezkor xodimlar viloyat ma'muriy markazida 59 yoshli Jamoliddin Mo‘ydinov va 26 yoshli Fayzullo Abduazizovni ham jinoyat ustida qo‘lga olishdi. Ular 8170 so‘mlik kursda 6900 AQSh dollarini 56 mln. 373 ming so‘mga sotishayotgan bo‘lgan. Ko‘zdan kechirish chog‘ida ularning yonidan yana 17 ming Rossiya rubli va 10 ming Qozog‘iston tengesi topildi hamda olib qo‘yildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi ushbu holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atdi.

Top