19:40 / 29.10.2017
17373

Fazogir bo‘lish uchun berilgan mantiqiy topshiriq foydalanuvchilarni o‘ylantirib qo‘ydi

Britaniyalik fazogir Tim Pik Facebook’dagi obunachilari uchun u fazogir bo‘lishi vaqtida yechishi kerak bo‘lgan mantiqiy topshiriqni taqdim qildi.

Foto: twitter.com/ @ESATimPeake

"Faraz qiling, oldingizda kub turibdi. Uni o‘ngga, chapga, oldinga (sizga nisbatan) va orqaga aylantirish mumkin. Kub tubida nuqta bor. Endi fikran aylanani quyidagi yo‘nalishlarda aylantiring: oldinga, chapga, chapga, oldinga, o‘ngga, orqaga, o‘ngga. Shundan keyin nuqta qayerda bo‘ladi?", deb yozgan Pik va topshiriqning suratini ilova qilgan.

Pikning bu posti 900 ga yaqin javob va 1,5 ming layk to‘plagan. Ba'zi foydalanuvchilar berilgan topshiriqni bajarishda qiynalganlarini, qolganlar esa topshiriqning javobi uning savolida yashiringanini ta'kidlashgan.

Natijada ko‘pchilik berilgan barcha harakatlardan keyin nuqta yana kub tubi, ya'ni boshlang‘ich joyiga kelishi haqidagi xulosaga kelishgan. Pik keyinroq aynan shu javob to‘g‘ri ekanligini tasdiqlagan.  

Joriy haftada o‘zining "Fazogirdan so‘ra" kitobini taqdim qilayotgan Pik ITV kanalidagi ertalabki shouda mehmon bo‘lgan. Shou boshlovchisi Pikdan "Oyning bir bo‘lagini o‘zingiz bilan oldingizmi?", degan savol bergandan keyin kulguga qolgan. Vaholanki, odam oyog‘i oxirgi marta Oy sirtiga 1972 yilda qo‘yilgan, Pik esa aynan shu yil dunyoga kelgan.

Mavzuga oid
Top