15:00 / 31.10.2017
11644

Abdulla Aripov Bokudagi yangi Ipak yo‘lining ochilishida ishtirok etdi

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

30 oktabr kuni Boku xalqaro dengiz savdo portida Boku-Tblisi-Qars temir yo‘lining ochilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Marosimda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning turmush o‘rtog‘i Emine Erdo‘g‘an, Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sagintayev, Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari ishtirok etishdi. Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmatida shu haqida xabar berildi. 

Marosimni Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev ochib berdi. 

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Boku-Tblisi-Qars (BTK) temir yo‘li - Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng ishonchli va qisqa yo‘l. "Dastlabki bosqichda BTK bo‘ylab 5 million, keyingilarida esa 17 million tonna yuk tashiladi. BTK Yevroosiyoni transport xaritasining muhim qismiga aylantiradi. Bu yo‘l turizm, barqarorlik va xavfsizlik rivoji uchun xizmat qiladi, investitsiyalar hajmini kengaytiradi, mamlakatlarimizning geosiyosiy ahamiyatini kuchaytiradi", - dedi Ozarboyjon davlat rahbari o‘z nutqida.

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi
Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Boku-Tblisi-Qars strategik ahamiyatga ega tarixiy loyiha hisoblanadi. Mazkur temir yo‘l uzunligi 850 kilometrni tashkil qiladi, shundan 504 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi.

Ilhom Aliyev shuningdek Shimol-Janub transport koridori ham katta ahamiyatga ega ekanini va Ozarboyjon bu yo‘nalishda ham muhim qarorlar qabul qilishini ta'kidladi. Ozarboyjon hududida Shimol-Janub loyihasi bilan bog‘liq barcha ishlar yakunlandi, ya'ni butun infratuzilma tayyor. 

"Ozarboyjon mazkur yo‘nalishda temir yo‘l tarmog‘ini yaratdi. Kelgusida Shimol-G‘arb va Janub-G‘arb energotransport loyihalari ekspluatatsiyaga topshiriladi. Boku-Tblisi-Qars temir yo‘lidan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Yevropa davlatlari foydalanadi. Shimol-Janub transport koridori Hindistondan Rossiyagacha bo‘lgan mamlakatlarni birlashtiradi".

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi
Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

BTK temir yo‘lining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ham chiqish qildi. U O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati xorijiy sheriklar bilan Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalarning ulkan tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatidan foydalanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratayotganini ta'kidladi. "Bugun mazkur yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2016 yilda Angren-Pop temir yo‘l magistralini qurish loyihasi tugallandi. Bu yagona O‘zbekiston temir yo‘l transport tizimini shakllantirish jarayonini tugallash imkonini berdi", dedi bosh vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muhim temir yo‘l uchastkasining ishga tushirilishi tarixiy Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishiga qo‘shilgan bebaho hissa bo‘ldi. 

Ta'kidlash joizki, Boku-Tblisi-Qars temir yo‘lini qurishga doir shartnoma 2007 yilda Tblisida imzolangan. O‘sha yilning noyabrida Gruziyaning Marabdasida temir yo‘l liniyasi qurilishiga start berilgan. BTK temir yo‘l liniyasining 504 kilometri Ozarboyjon hududiga, 263 kilometri Gruziyaga va 79 kilometri Turkiya hududiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid
Top