09:10 / 31.10.2017
28683

Yevropa futbolida yana bir battl. «PSJ» va «Manchester Siti»ni Chempionlar ligasidan chetlatish talab qilinmoqda

La Liga prezidenti Xaver Tebas L'Équipe nashriga bergan intervyusida «PSJ» klubi ustidan UYeFA tashkilotiga yo‘llangan shikoyat haqida gapirdi.

Neymarning «Barselona»dan «PSJ» klubiga 222 mln yevro evaziga transfer qilinishidan so‘ng, La Liga rahbariyati fransuz jamoasini moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzishda ayblagandi. Biroq, Tebas faqat gap-so‘zlar bilan cheklanib qolmasdan, so‘nggi uch oy davomida «PSJ» klubining shubhali moliyaviy sxemalarini fosh qilganini va endi uni yevrokuboklardan chetlatilishini talab qilayotganini aytdi.

Tebas UYeFAga «PSJ» ustidan 42 sahifalik da'vo arizasini topshirgan. Unda Parij klubining transfer bozoridagi noqonuniy harakatlari, xususan, klub mablag‘larining katta qismi Qatar bilan bog‘liq bo‘lgan qalbaki kompaniyalardan olinayotgani ko‘rsatilgan. Aynan shu kompaniyalar Neymarning rekord darajadagi transferini moliyalashtirgan.

«Biz ko‘rib turibmizki, «PSJ» va «Manchester Siti» keyingi 5 yilda transferlarga barchadan ko‘p mablag‘ sarflamoqda. Ammo ularning real daromadlari bunday transferlarga imkon bermagan bo‘lardi. Shuning uchun, bozor qoidalarini chetlab o‘tib, homiylarning pullarini ishlatishmoqda.

Biz «PSJ» va «Manchester Siti»ning daromadlarini «Real», «Barselona», «Manchester Yunayted» va «Bavariya» aktivlari bilan solishtirdik. Bu ikki klub boshqa jamoalarni katta farq bilan ortda qoldirmoqda. Parij jamoasining barcha daromadlari Qatar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqador. Ular barchani aldashmoqda. Agar bu Ispaniyadagi klub bo‘lganida ham shu gaplarni aytgan bo‘lardim. Biz bir-birimizni aldamasligimiz kerak. Men biror davlatga tegishli klub turnirda ishtirok etishini istamayman. «Real» va «Barselona»ning ham qarzlaridan voz kechib turishadimi? Yo‘q, bu o‘ylab topilgan gap. Ammo agar shunday bo‘lsa, bu juda yomon oqibatlarga ega bo‘ladi.

Yil oxiriga qadar UYeFAdan bu arizaga javob kutamiz. Agar hech qanday chora ko‘rilmasa, Yevropa Ittifoqiga murojaat qilamiz. Bunga barham berish vaqti yetib keldi. Agar «PSJ» harakatlarida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, klub yevrokuboklardan chetlatilishi kerak», deya Tebasning so‘zlarini keltirgan L'Équipe.

«PSJ» rahbariyati Xaver Tebasga javob qaytardi.

«Biz janob Tebasning tuhmatga asoslangan bayonotiga javob bermoqchi emasmiz. Uning gaplari klubimizning istiqbolli rejasini barbod qilishga yo‘naltirilgan. Bu bayonot bilan u matbuotni bizga qarshi qayramoqchi bo‘lyapti.

Shuni ma'lum qilamizki, «PSJ» o‘z moliyaviy faoliyati haqida UYeFA tashkilotiga batafsil hisobot taqdim qilgan. 

Ispaniya futboli «PSJ»ning bank hisobraqami bilan emas, balki o‘ziga kerakli bo‘lgan boshqa istiqbolli loyihalar bilan shug‘ullangani ma'qul», - deyiladi bayonotda.

Top