17:00 / 01.11.2017
9284

Ijtimoiy ahamiyatli dorilar importi – tender va kvotalarsiz 

Foto: Pixabay

Bu Prezidentning 30.10.2017 yildagi PF–5216-son «O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, muqaddam belgilangan narxlar bo‘yicha sotiladigan ijtimoiy ahamiyatli dorilar va tibbiy mahsulotlar importi Tashqi savdo vazirligi tomonidan mahalliy ulgurji va ulgurji-chakana savdo kompaniyalari o‘rtasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlanadigan kvotalar chegarasida o‘tkaziladigan tender bo‘yicha amalga oshirilar edi.

Endi tender o‘rniga Tashqi savdo vazirligi har chorakda faqat jahon narxlari kon'yunkturasi tahlilini o‘tkazadi va maxsus Respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatli dorilar va tibbiyot buyumlarining oxirgi yo‘l qo‘yiladigan import shartnoma qiymati bo‘yicha takliflar kiritadi.

Takliflarni tashqi savdo, iqtisodiyot, moliya, sog‘liqni saqlash  vazirliklari hamda MB va Davlat raqobat qo‘mitasining vakillaridan iborat Ishchi guruh ko‘rib chiqadi. Ishchi guruh hisob-kitobi asosida Respublika komissiyasi import shartnomalari bo‘yicha oxirgi yo‘l qo‘yiladigan qiymatlarni belgilaydi.

Bundan yuqori bo‘lgan narxlarda tovarni yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari tuzish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, mazkur toifadagi tovarlarni faqat mahalliy ulgurji va ulgurji-chakana savdo kompaniyalari tomonidan import yetkazib berilishi to‘g‘risidagi talablar hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kvotalash mumkin emas.

Bunda dorixonalarda narx belgilash ustidan nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasidan sog‘liqni saqlash boshqarmalarining hududiy organlariga topshirilgan.

Ma'lumot uchun: Ro‘yxatga kiritilgan import qilingan dori vositalari va tibbiyot buyumlari avvalgidek, ixtisoslashtirilgan ulgurji tashkilotlar va dorixonalar tomonidan belgilangan ulgurdi va chakana narxlarda sotiladi. Ushbu narxlar quyidagi formulalar bo‘yicha aniqlanadi:

Un = S x 1,15, bu yerda:

•  Un – ulgurji narx;
•  S – sotish narxi;
•  1,15 – ulgurji savdo ustama narxining oxirgi yo‘l qo‘yiladigan qiymatini inobatga oluvchi  koeffitsiyent.

R = S x 1,15 x 1,2, bu yerda:

•  R – qat'iy belgilangan chakana narx;
•  S – sotish narxi;
•  1,15 va 1,2 – savdo ustama narxlarini inobatga oluvchi koeffitsiyentlar.

Hujjat 30.10.2017 yildan kuchga kirdi.

Top