04:11 / 02.11.2017
6194

Fedotov O‘zbekistonning narkotiklarga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlariga  yuqori baho berdi 

Foto: BMT

BMT bosh kotibining o‘rinbosari va  BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotov 31 oktabrda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Fetodov O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini chuqur tahlil qilib berdi. 

Fedotovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston mintaqa va xalqaro tuzilmalar doirasida giyohvandlikka qarshi kurashishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida imzolangan giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha anglashuv memorandumi misolida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Fedotov uchrashuv yakunlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar tayyorlash, ya'ni "yo‘l xaritasi"ni belgilab olish, muhokama qilingan taklif va g‘oyalarni izchil amalga oshirishga kelishib olinganini ma'lum qildi.

Mamlakatimizda narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, giyohvandlik illati yoyilishining oldini olish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli kompleks tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston 1995 yil BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan.

1999 yil O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan.

Top