18:30 / 02.11.2017
25160

Ichki ishlar organlari xodimlarining tibbiy tekshiruv tartibi tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 sentabrdagi 764-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Hujjatda tibbiy tekshiruv va harbiy-tibbiy ekspertizani (keyingi o‘rinlarda – tekshiruv) o‘tkazishning maqsadlari va obektlari ko‘rsatib o‘tilgan.
 
Belgilanishicha, tekshiruv ichki ishlar organlarining yoki ushbu organlarning kadrlar bo‘limi rahbarlari yo‘llanmalari yoxud sud qarori asosida, ichki ishlar organlari tizimida tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar (keyingi o‘rinlarda - komissiya) tomonidan amalga oshiriladi.
 
Shaxslar ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tashga yoki IIV tizimidagi ta'lim muassasalarida tahsil olishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxatiga (96 ta banddan iborat) muvofiq tekshiruvdan o‘tkaziladi.
 
Tekshiruvdan o‘tkazishda ishtirok etgan har bir shifokor o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tibbiy ko‘rikni amalga oshiradi va tibbiy xulosa beradi.
 
Tibbiy xulosalar komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va tekshiruvdan o‘tuvchi shaxslarning salomatligi to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar va ularning jismoniy rivojlanishi hisobga olingan holda xizmatga yaroqli yoki yaroqsizligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Shaxs xizmatga yaroqsiz deb topilganda uni qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun ko‘rib chiqish muddati komissiya tomonidan belgilanadi.
 
Shaxslarda komissiya tomonidan belgilangan muddat ichida sog‘lig‘ida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berganligi aniqlanganda ular takroriy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
 
Hujjat 2017 yil 28 sentabrdan kuchga kirdi. 

Top