14:30 / 02.11.2017
6688

Nazarboyev: «Rotshild» Qozog‘iston Milliy bankiga maslahatlar bermoqda

Foto: Akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Rothschild & Co kompaniyasi rahbariyati - Erik de Rotshild, Klaus Mangold va Jovanni Salvetti bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Oqo‘rda matbuot xizmati.

Matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv davomida Nursulton Nazarboyev «Rotshild» kompaniyasining moliyaviy sektorda boy tajribaga egaligini ta'kidlab, xalqaro salohiyatini alohida tilga olib o‘tgan.

«Rotshild» kompaniyasi dunyodagi eng qadimgi va eng yirik moliya muassasalaridan biri. Siz xususiy sarmoyalar bilan shug‘ullanish bo‘yicha katta tajribaga egasiz. Bu tajriba esa bizning mamlakatimiz uchun juda muhim, shuning uchun hozirda Qozog‘iston Milliy bankiga maslahatlar bermoqdasiz», - dedi Qozog‘iston prezidenti.

Erik de Rotshild Nursulton Nazarboyevga uchrashish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorchilik bildirdi va Qozog‘istonning jadal rivojlanishidan ajablanganini yashirib o‘tirmadi.

«Bu Qozog‘istonga birinchi tashrifim, so‘nggi ikki kun davomida ko‘rganlarimdan juda mamnunman. Sizning ishingiz tufayli mamlakatingiz kelajakda eng yaxshi va dinamik tarzda rivojlanadi. Qozog‘iston Osiyo va Yevropa o‘rtasida ko‘prik sanalib, noyob geografik pozitsiyaga ega. Bizni iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish va xomashyoga qaram iqtisodiyotdan chetlashish bo‘yicha yondashuvingiz hayratga soldi», - dedi kompaniya direktorlar kengashi raisi Erik de Rotshild.

Ma'lumot uchun, Rothschild & Co Rotshildlar oilasiga tegishli bo‘lgan, ikki yuz yillik tarixga ega mustaqil xalqaro moliya-konsalting firmasi. Kompaniyaning to‘rtta bo‘linmasi bor: global moliyaviy konsalting, aksiyadorlik kapitaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, boy mijozlar uchun aktivlarni boshqarish va institutsional investorlar aktivlarini boshqarish.

Top