23:53 / 03.11.2017
41271

Maxsus intervyu: Xorazmlik yosh ixtirochidan ajoyib yangilik

Foto: "Jajji akademik" jurnali

30 oktabr kuni poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ilk marotaba o‘tkazilayotgan “Youth techno art” (Bolalarning texnik ijodkorligi) festival-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Mazkur tanlovning “Radiotexnika, elektronika va aloqa” yo‘nalishida Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan Nodirbek o‘z ixtirosi bilan faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Kun.uz muxbiri festivalning yakuniy bosqichida ishtirok etib, yosh ixtirochi bilan maxsus intervyu tayyorladi.

Tanishing: Boltayev Nodirbek
Qayerda o‘qiydi:
Urganch shahar 1-son maktabi, 7 sinf o‘quvchisi
Ixtiro nomi: Asl parranda zotlari fermasi
Kimlar uchun mo‘ljallangan: tadbirkorlar, fermerlar, parrandachilar

Foto: "Jajji akademik" jurnali

Texnika yo‘nalishida biron-bir yangilik yaratish anchayin murakkab jarayon sanaladi. Nodirbek, ayting-chi, bu sohaga bo‘lgan ishtiyoqingiz qachon uyg‘ondi?

Texnika yo‘nalishiga 2013 yildan buyon qiziqa boshladim. Bu sohaga bo‘lgan qiziqishimga ustozim Odilbek Ernazarov sababchi bo‘lgan. Dastavval, turli kemalarni yasashni o‘rgandim. Keyinchalik esa darsdan bo‘sh vaqtda boshqa bir texnik qurilmalar, loyihalar yaratish bilan shug‘ullana boshladim.

Bugungi tanlovda siz qanday yangilik bilan ishtirok etdingiz?

Bugungi musobaqada men asl parranda zotlarini parvarishlashda elektr quvvati va suvlarni tejash bo‘yicha yangi g‘oyamni namoyish qildim. Unga ko‘ra, mening asosiy qurolim kartongofra bo‘lib, undan muntazam ravishda suv kelib turadi. Bu esa xonani bemalol 10 daraja past haroratga tushirishga yordam beradi. Biroq bu havo parrandalarga juda ham sovuqlik qilgani uchun xonani 20 darajagacha maxsus termo datchik orqali isitamiz. Termodatchik harorat 20 darajadan ko‘tarilganda yonadi, tushganda esa o‘chadi. Taymer esa chiroqlarni o‘chishini avtomatik tarzda nazorat qiladi. 

Siz yaratgan ixtironing kundalik hayotda ahamiyati qanday? 

Hozirda chekka qishloq hududlarda chiroqning tez-tez o‘chib turishi barchaga ma'lum. Men yaratgan loyiha esa elektr quvvatini fermerlik va parrandachilik sohalarda yanada tejashga yordam beradi. Qolaversa, tejab ishlatilgan elektr toki olisdagi hududlarga ham o‘z vaqtida yetib boradi. 

 

Foto: "Jajji akademik" jurnali

Kelajakda bu g‘oyani mukammallashtirib, amaliyotga keng tatbiq etishni istaysizmi? 

Ha, maqsadim fermerlarimizga ko‘proq daromad olishi va kamroq xarajatlar qilishiga yaqindan yordam berish. Keyin esa bu ixtiro haqida to‘liq ma'lumotlar berib, xalqaro miqyosda tanishtirish niyatim mavjud. 

O‘zingiz ham parrandachilik bilan shug‘ullanasizmi? 

Ha, avvallari oilam bilan birgalikda 6-10 mingdan ortiq parrandalar boqardik. Hozirda asosan bedana boqish bilan mashg‘ulmiz. To‘g‘ri, mening g‘oyam sohada yangilik bo‘lmasligi mumkin. Chunki ko‘plab tadqiqotchilar parrandalarni boqishda samarali usullarni topish bilan shug‘ullanadi. Biroq hech kim shu vaqtgacha kartongofradan foydalanmagan. Bu qog‘oz eng arzon vosita bo‘lib, hattoki, bozorda sotuvchilar har kuni minglab kartonlarni chiqindiga tashlashadi. 

Bu ixtironi yaratishga qancha vaqt sarfladingiz?

Bu rejamni bir oy o‘ylab yurdim. Keyin yasashga qaror qildim. Hozirda ixtiro uchun kerakli bo‘lgan materiallarni yig‘moqdamiz.

Feruza Avazova suhbatlashdi

Top