10:13 / 03.11.2017
30525

Olimlar Xeops ehromida bir necha yuz yillar ichida ilk xonani aniqlashdi

Foto: Getty Images

Misrdagi Xeops ehromida sirli sag‘ana bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘shliq topildi. Uni fizik olimlar myuonlar – koinot nurlarining havodagi gazlar bilan to‘qnashishidan keyin paydo bo‘ladigan zaryadlangan zarrachalarni ko‘ra oluvchi teleskoplar yordamida aniqlashgan. Bu topilma haqida Nature jurnalida ma'lum qilindi.

ScanPyramids loyihasi olimlari bo‘shliqni ehromning bosh yo‘lagi ustida aniqlashgan. Uning uzunligi 30 metrni, eni 2 metrni tashkil qiladi. Taxminlarcha, bo‘shliq yaxlit yoki ko‘plab xonalardan iborat yo‘lak bo‘lishi mumkin.

Myuonlar aqlbovar qilmas tezliklargacha tezlashib, sayyoramizning yuzlab metr ichkarisiga kira oladi. Olimlarning aytishicha, bir kvadrat metr yer 10 ming myuonni yutadi.

Olimlar qo‘llagan teleskoplar bu zarralarni ko‘ra oladi, ular oqimi biror jinslar  bilan to‘qnashishdan ko‘ra bo‘shliqlarda sekinroq tarqaladi. Kuzatuvlar CERN’da Xigss bozoni ochilishida qo‘llangan prinsiplar asosida bajarilgan.

Olimlarning aytishicha, bo‘shliq oxirgi o‘nlab asrlar ichidagi shunday yirik ilk topilmadir. Ta'kidlanishicha, oxirgi marta Xeops ehromida yangi xonalar Bag‘dod xalifasi Abdulloh al-Mamun tomondan 9-asrda aniqlangan. 

O‘tgan yili radiolokatsion skanerlash yordamida Tutanxamon sag‘anasida ikkita yashirin xona borligi aniqlangan. Bu xonalar ichida metall va “organik” ko‘rinishdagi buyumlar borligi o‘rnatilgan.

Xeops ehromi miloddan avvalgi 3 ming yillik o‘rtalarida bunyod etilgan. Bu vaqtda Misrga Xufu (Xeops) fir'avni hukmronlik qilgan. Piramidaning balandligi 145 metrni, eni va uzunligi 230 metrga yaqinni tashkil qiladi. Misr ehromlaridan eng yirigi hisoblanadi.

Ushbu ehrom insoniyat tomondan yaratilgan eng baland va yirik inshootlardan biridir. Ehrom bizning kunlargacha saqlanib qolgan dunyoning yetti mo‘'jizasidan yagonasi hisoblanadi.

Xufu va uning rafiqasi mo‘miyolari hanuzgacha topilmagan. Ularning sag‘anasi piramidaning qayeridadir yashiringani taxmin qilinadi.

Mavzuga oid
Top