11:53 / 04.11.2017
20358

Dunyoning eng kuchli bosh direktori bilan intervyu: "Bundan qiziqroq ishni topib bo‘lmaydi"

Foto: Getty Images

Riteyldagi kompaniyalar rahbarlarining aksariyati o‘z faoliyatini merchandayzer sifatida boshlagan. Pablo Isla esa boshqa yo‘ldan borgan: 2005 yilda Inditex boshqaruvi tepasiga kelishdan avval u yuridik ta'lim olgan va bankda ishlagan. Inditex — Ispaniya kompaniyasi, kiyim savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar tarmog‘i egasi. Uning to‘liq nomi — Industria de Diseño Textil Sociedad Anónima. Kompaniya shtab-kvartirasi Ispaniyaning Arteyxo shahrida joylashgan. Ko‘p riteyllar elektron kommersiyadan aziyat chekkan bir paytda Inditex global ekspansiya o‘tkazgan: bugun uning sakkiz brendi - Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear, Zara Home, Stradivarius va Uterque - 93 mamlakatda 7300 do‘konga egalik qiladi. Isla HBR nashriga o‘z kompaniyasining raqiblardan nimasi bilan ajralib turishi haqida so‘zlab berdi.

HBR: Siz boshqaruvga norasmiy yondashuv va yig‘ilishlarni yoqtirmasligingiz bilan mashhursiz. Bularni chetlab o‘tishga qanday muvaffaq bo‘lasiz?

Isla: Bizda yassi tuzilma bo‘lib, rasmiyatchilikka hojat yo‘q. Aslini olganda, bizda hatto boshqaruv qo‘mitasi ham yo‘q. Muhokamalardan so‘ng odamlarning o‘zi qaror qabul qilishga haqli. Biz jamoaviy faoliyatga urg‘u beramiz va xodimlarimizning "yulduzlik kasali"ga chalinishiga yo‘l qo‘ymaymiz. O‘tgan yili 25 ming xodim (160 mingdan) o‘z lavozimida yuqoriladi: bu tadbirkorlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Getty Images

Ekspertlar Zara'ni "tezkor moda" kompaniyasi, Shvetsiyaning H&M kompaniyasi va Yaponiyaning Uniqlo brendi raqibi deb hisoblaydi. Siz bunday taqqoslashga qanday qaraysiz?

Yorliqlarni yoqtirmayman. Bizning biznes-modelimiz o‘ziga xos: biz hatto bir mavsum doirasidagi o‘zgarishlarga ham moslashamiz. Biz "yaqin yetkazib beruvchi" tizimini qo‘llaymiz: tovarlarning aksariyati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda ishlab chiqariladi va biz ularni darhol yetkazib beramiz. Dizaynga ko‘p e'tibor qaratamiz: mijozlar nima xohlayotganini tushunish va ularga dizayn-ishlab chiqarish-logistikani o‘z ichiga olgan tizim orqali mahsulotni yetkazish muhim. Tovarlar haftada ikki marta do‘konlarga kelib tushadi. Biz texnologiyalar va algoritmlar yordamida yetkaziladigan mahsulotlarni tanlaymiz, biroq do‘kon direktori ham buyurtmaga o‘zgarish kiritish huquqiga ega, u ham brend sohibi. Bu inson qiyofasidagi texnik taraqqiyot.

"Moll"larning yopilishi sizning biznesingizga ta'sir ko‘rsatadimi?

"Moll"lar haqida jismoniy do‘konlar haqida qanday fikrda bo‘lsam, shunday fikrdaman. Biz juda talabchanmiz va duch kelgan savdo markazi tomon intilavermaymiz. Bundan tashqari, veb-sayt ishga tushgandan beri onlayn- va oflayn-do‘konlar faoliyati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday qilib insonlarning modaga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi?

Odamlar u yerda faolroq muloqot qilishadi va ko‘proq ma'lumot olishadi. Moda globallashdi: bugun dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlardan hamma xabardor. Agar qayerdadir denim urfga kirsa, boshqa bozorlar ham bu trendni o‘zlashtirishadi. Bizga shunisi qulay. Bizning brendlarimizga butun dunyo bo‘ylab 100 million foydalanuvchi obuna bo‘lgan.

Inditex aksiyalarining yarmidan ko‘pini kompaniya asoschisi Amansio Ortega nazorat qiladi. Bu boshqaruvga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Ijobiy. Asoschi va direktorlar kengashining to‘liq qo‘llab-quvvatlashi qisqa muddatli foyda ketidan quvmay, kelajak rejalarini tuzish va biznesga sarmoya kiritish imkonini beradi.

Foto: Ethan Hill

Bu kompaniyaning ekologik xavfsizligiga ta'sir qiladimi?

Ha, juda jiddiy ta'sir qiladi. Biz qaror qabul qilayotganimizda barqaror rivojlanish haqida o‘ylaymiz. Bu xomashyo va tovarlar sifati, ularni qayta ishlash imkoniyati, ishlab chiqaruvchilarning ishlash sharoitlaridir. 2020 yilga borib barcha do‘konlarimiz ekosamarali bo‘lishi kerak: 40 foizga kamroq suv sarflash va 20 foizga kam - elektr energiyasi. Bugungi kunda 70 foiz savdo nuqtalarimiz mazkur standartga muvofiq keladi. Bizning xodimlarimiz - asosan yoshlar. Ular sayyora haqida qayg‘urib, jamiyat hayotida faol ishtirok etishadi.

Kompaniya rahbari sifatida tez natijalarga erishdingiz. Nufuzingizga putur yetkazmaslik uchun ehtiyotkorlikka rioya qila boshlamaysizmi?

Bizning biznes modelimizda buning deyarli iloji yo‘q. Biz har mavsumda kolleksiyalarni noldan boshlaymiz. Bizning korporativ madaniyatimiz ijod va tavakkal qarorlariga asoslangan.

53 yoshdasiz. Inditex'da qachongacha qolmoqchisiz va u yerdan ketganingizdan keyin nimalar bilan shug‘ullanasiz?

Inditex'ga butun professional hayotimni bag‘ishlayman, deb umid qilaman. Zero bundan qiziqroq ishni topib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid
Top