13:47 / 04.11.2017
26904

“Qaynarbuloq” oldidagi tungi sharpalar

Dilshodning xayolini “g‘oyibdan kelajak” mo‘may daromad o‘g‘irladi-qo‘ydi. “Shundoqqina oyog‘ing ostida pul daryoday oqib yotgan bo‘lsa-ya... Chelaklab olganing bilan daryoning suvi kamayib qolarmidi?”. Shu tariqa u Javlon Husainov va boshqalar bilan jinoiy til biriktirdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Sheriklar G‘uzor tumani Abduhamid qishlog‘i orqali o‘tuvchi “Sho‘rtanneftgaz” MChJga gaz va gaz kondensatini yetkazib beruvchi yuqori bosimli gaz quvurining yer ostidan o‘tuvchi 28-kilometridagi qismini teshib, “qaynarbuloq” hosil qilishdi. “Buloq”qa qo‘lbola kran o‘rnatishdi, shlang ulashdi.

“ChigilNeftGaz” MChJning qo‘riqlash uchastkasi komanda boshlig‘i R.Luqmonov o‘sha tunda odatdagidek sergak edi. Navbatchi qo‘riqchi A.Jovliyev 28-kilometrda allaqanday sharpalar yurgani haqida xabar qilib qoldi. Zudlik bilan o‘sha hududga otlanishdi. “Qaynarbuloq”qa yaqinlashganlarida, tepalikdan ularni ko‘rib qolgan kondensat o‘g‘rilari ikkita mashinaga o‘tirib, qochib qolishdi. Biroq ularning bir sherigi aftidan mashinaga chiqishga ulgurmadi, shekilli, o‘zini tashlab ketgan oqibatsiz sheriklarining chap qulog‘ini qizitganicha, “qaynarbuloq” yonida qolib ketdi.

Qo‘riqchilar Javlon Husainovdan nima qilishayotganini so‘rashganida, kondensat o‘g‘irlashayotganini tan olishdan o‘zga iloj topa olmadi. Quvur teshigi yonida qolib ketgan 200 litrlik sig‘imdagi temir bochka va ayrimlari to‘ldirilgan, ayrimlari bo‘sh yelim idishlar hamda shlang ham bu yerda nimalar bo‘lganidan dalolat berib turardi. Javlon unga faqat kondensat to‘ldirilgan idishlarni mashinaga ortish topshirilganini, quvurni kim teshganini bilmasligini, o‘sha kecha bu yerga qishloqdoshlari S.Po‘latov va D.Raupov bilan birga kelishganini, narigi mashinadagilarni tanimasligini bildirdi.

“ChigilNeftGaz” MChJ ma'lumotlariga ko‘ra, Abduhamidning qishlog‘i orqali o‘tgan gaz quvuri yuqori bosimli hisoblanadi. Uning kondensat o‘g‘rilari tomonidan teshilishi natijasida xomashyoni yetkazib berishda muammolar, hosil qilingan ochiq favvoralarda portlash xavfi yuzaga kelgan. Kecha-yu kunduz navbatchilik qilinishi natijasida portlash va yong‘inning oldi olindi. Quvurni ta'mirlash vaqtida – 21 soat davomida zavodga xomashyoni boshqa kollektor orqali yetkazib turishga to‘g‘ri keldi. Ta'mirlash vaqtida olovli ishlar olib borilgani bois, nosoz quvurdagi V-243 ming metr kub (7 mln. 600 ming so‘mlik) gazni atmosferaga bo‘shatishga majbur bo‘lishdi. Boshqa tashkilotlarning maxsus brigadalari va texnikalari yollandi. Shu tariqa ta'mirlash ishlariga jami 13 mln. 309 ming so‘m sarflandi.

Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, sud zalida boshini xam qilib o‘tirgan quvurtesharlar jinoyatlariga qisman iqror bo‘lishsa-da, jinoyatning oqibatini tushunmasdan sodir etishganini, yetkazilgan zararni to‘lashga qurblari yetmasligini bildirishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan G‘uzor tumani Gulshan QFY Chaqar qishlog‘ida yashagan Dilshod Raupovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Amnistiya tufayli u tayinlangan jazodan ozod etildi. Ilgariroq J.Husainovga ham tegishli tartibda jazo tayinlangan edi. Neft-gaz korxonalariga yetkazilgan moddiy zararlar ham ulardan undiriladigan bo‘ldi.

Yer osti boyliklari umummilliy boylik hisoblanadi. O‘zbekiston iqtisodiyotini ravnaq toptirishda ularning ahamiyati juda katta. Bu boyliklarga ko‘z olaytirish xalqning rizqiga xiyonat hisoblanadi.

Afsuski, Dilshod va Javlon buni keng anglab yetishdi. Darvoqe, ular haqiqiy “qaynarbuloq” – halol mehnat ekanini ham tushunishganmikan? 

Top