00:28 / 05.11.2017
27457

O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyani qabul qilishga tayyor

Foto: KUN.UZ

4 noyabr kuni Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi elektr energetika Kengashining 51-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov boshchiligidagi davlat hokimiyati organlari va milliy energetika kompaniya rahbarlari ishtirok etdi. 

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi elektr energetika Kengashining 51-majlisida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalari ham ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, tez orada, hozirda O‘zbekiston orqali  Turkmanistondan Markaziy Osiyo energiya tizimiga elektr energiyasini tranzit qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Qirg‘iziston bilan elektr energiya tizimi qishki mavsumda ham yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma imzolandi.  Bundan tashqari, Qozog‘iston Respublikasi iste'molchilariga O‘zbekiston tarmoqlari orqali elektr energiya tranzit qilinadi. 

“Bugungi muhim uchrashuvda yetti davlatdan tashrif buyurgan vazirlar ishtirok etmoqda. Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad elektr energiya tizimini birgalikda rivojlantirishdir. Bu esa o‘z navbatida qilinadigan ishlarni optimallashtirish, xarajatlarni esa minimallashtirishga imkon beradi. Hozirda O‘zbekiston elektr energiya tizimi MDH davlatlarining energiya tizimi bilan parallel ishlamoqda”,  deya qayd etdi "O‘zbekenergo" AJ strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sa'dullayev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida.

Ma'lumki, Prezidentimizning joriy yilda Turkmanistonga uyushtirgan davlat tashrifi chog‘ida ham mazkur sohadagi hamkorlik ishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

"Ayni damda O‘zbekiston Turkmanistondan elektr quvvatini qabul qilishga tayyor. Keyinchalik bu tizim elektr energiyani MDH davlatlariga o‘tkazishga yordam beradi. Shuningdek, mamlakatimiz Qirg‘iziston elektr energiya tizimi bilan aloqalarni mustahkamlab, bir milliarddan ko‘proq elektr quvvatini qabul qildi. Bu esa ikki davlat uchun ham foydalidir. Bugungi ko‘rilgan masalalar elektr energiya sohasida texnik jihatdan hujjatlarni qabul qilish, iqtisodiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va kelgusidagi rejalarni belgilab olishga o‘z hissasini qo‘shadi”, dedi Eso Sa'dullayev.

Top