12:00 / 08.11.2017
17237

Bitkoin oltinni ham ortda qoldirdi

Foto: Global Look Press

«Bitkoinni xarid qilish» qidiruv so‘rovi Google Trends’da «oltin sotib olish» indeksini ortda qoldirdi. «Bitkoin sotib olish» so‘rovining qidiruv indeksi kriptovalyutaga oid yangiliklar fonida 100 ballga yetdi, «oltin sotib olish» indeksi esa 74 ballik ko‘rsatkichda to‘xtab qolgan.

Bitkoinni sotib olish haqida eng ko‘p Nigeriya (100 ball), Gana (93) va Avstraliyada (52) qiziqishmoqda, shu bilan birga, avstraliyaliklar orasida klassik metall yana ham mashhuroq - 100 ball. Singapur (68) va Birlashgan Arab Amirliklarida (53 ochko) esa oltin bilan kamroq qiziqishadi.

Bloomberg agentligining qayd etishicha, oltinga qiziqishning pasayishi qimmatbaho metallar kotirovkalari sho‘ng‘ishi bilan bog‘liq. U AQSh aksiya bozorida rekord o‘sish sur'ati fonida kamaymoqda. «Rekordlarni to‘xtovsiz urayotgan AQSh bozori fonida oltinning o‘z pozitsiyalarini yo‘qotishi hayratlanarli emas», - deya ma'lum qilgan agentlikka qimmatbaho metallar bilan savdo qilishning eng yirik maydonchalaridan biri – BullionVault’dagi tadqiqotlar departamenti direktori Edrian Esh.

Uning ta'kidlashicha, bitkoinning misli ko‘rilmagan o‘sishi kriptovalyutalar uchun eng yaxshi reklama bo‘ldi va ayrim investorlarni elektron aktivlarga e'tibor qaratishga majbur qildi.

Seshanba, 7 noyabr kuni kechqurun bir bitkoin uchun 7089 dollar berishgan bo‘lsa, oltin untsiyasiga 1274 dollar taklif qilishdi. 

Top