00:48 / 08.11.2017
4288

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

Foto: Flickr / European Bank for Reconstruction and Development.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) birinchi vitse-prezidenti Filipp Bennett boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev bilan uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti o‘rtasida shu yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, shuningdek, O‘zbekiston hukumati bilan imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida erishilgan kelishuvlar qisqa muddatga mo‘ljallangan faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun kredit mablag‘larini ajratish ushbu sohadagi hamkorlikda asosiy o‘rin tutadi.

Tomonlar Harakatlar strategiyasini amalga oshirishdagi hamkorlik istiqbollari, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, jumladan, fond birjasini modernizatsiya qilish, qimmatli qog‘ozlar bozorini takomillashtirish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-prezidenti Filip Bennett samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanini ta'kidladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi qator vazirlik va idoralarda ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid
Top