23:58 / 08.11.2017
50373

Prezident qaroriga sharh: “O‘ztransgaz”, “O‘zbekenergo”, energiya va neftgaz inspeksiyalari qoniqarsiz faoliyat ko‘rsatgan

Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

Yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanishga o‘tish mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatining garovi hisoblanadi.

Shu bilan birga, energetik sektordagi ishlarning haqiqiy ahvoli energiya tejamkor texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmayotgani va amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari mukammal emasligidan dalolat beradi.

Qarorda “O‘zdavenergonazorat” davlat isnpektsiyasi, “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasi, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJning faoliyatlari qoniqarsiz deb topilgan.

Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mamlakat miqyosida energiya tejamkor uslublar va texnologiyalarni joriy qilishda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zdavenergonazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI va “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJning takliflariga ko‘ra 2018 yil 1 yanvardan boshlab energiya resurslaridan oqilona foydalanishni rag‘batlantiruvchi bir qator mexanizmlar joriy qilinmoqda.

Shu jumladan, pishgan g‘isht, gips, sement va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, muayyan xizmatlar ko‘rsatuvchi (restoranlar, kafelar va b.) iste'molchilar ulangan quvvati 750 kVA bo‘lgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori bo‘lgan iste'molchilar elektr energiya uchun hisob-kitoblarni sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha amalga oshiradi. Mazkur tartib byudjyet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Respublikaning elektr ta'minoti tizimiga yuklamani tenglashtirish maqsadida elektr energiyadan foydalanganlik uchun to‘lovlarning qulay tariflari joriy qilinmoqda.

Jumladan, tig‘iz payt – ertalabki va kechki vaqtda (belgilangan tartibda o‘rnatiladi) foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Eng kam yuklamali soatlarda, ya'ni tungi paytda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyentdan foydalaniladi. Bunda belgilangan tarif yarim tig‘iz paytda, ya'ni sutkaning yorug‘ vaqtida elektr energiya ta'minotiga to‘lovlar uchun saqlanib qoladi.

Davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshirish talabi joriy qilinishi ilg‘or chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta'minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalari, shuningdek, energiya tejamkor lampalar majburiy tartibda o‘rnatiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2022 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarini issiq suv ta'minotidan uzib qo‘yish nazarda tutilmoqda. Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlash maqsadida ular issiq suv ta'minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalaridan, shuningdek, ichki yoritish uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalardan foydalanishi shart bo‘ladi.

Shuni inobatga olgan holda, davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish bosqichlarini belgilash to‘g‘risida topshiriq berilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va energiya tejamkor lampalarni turar va noturar joylarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilinadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan issiq suv ta'minoti uchun quyosh suv isitgich qurilmalarining joriy etilishi va foydalanilishi natijasida isitilmaydigan davrda (aprel-oktabr) isitish stansiyalari tomonidan tabiiy gaz iste'moli hajmi deyarli 10 million kub metr yoki 2,5 milliard so‘mga qisqaradi.

Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda 35 ta biogaz ishlab chiqaruvchilar, 10 ta quyosh elektr energiyasi yetkazib beruvchilar va mikrogidroelektr stansiyalardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi 5 ta korxonaning imkoniyatlari to‘liq ochib berilmagan.

Shu munosabat bilan, qarorda muqobil energiya manbalarini joriy etish yuzasidan tadbirkorlik faoliyatini samarali rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslarni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Bundan tashqari, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan 300 dan ortiq shaharsozlik normalari va qoidalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Shuni inobatga olib, qarorda shaharsozlik normalari va qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash borasida “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ bilan kelishilishi nazarda tutilmoqda.

Davlat rahbarining mazkur qarori, shubhasiz, O‘zbekistonda zamonaviy energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha faoliyatni jadallashtirishga xizmat qiladi, energiya resurslaridan oqilona foydalanilishini ta'minlaydi.

Top