20:10 / 08.11.2017
11199

O‘zbekiston Doing Business reytingining top-20 mamlakatlari qatoriga qo‘shilishni ko‘zlamoqda

Foto:Xalqaro Press-klub

2025 yilga borib, O‘zbekiston Doing Business reytingdagi eng yetakchi 20 mamlakat qatoriga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan xalqaro doiralarning investitsion iqlimni yaxshilashga bag‘ishlangan yig‘ilishida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ahmadxo‘jayev shu haqida ma'lum qildi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil boshidan O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiyalar qiymati 4,2 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. 2011-2016 yillarda mamlakatga kiritiluvchi investitsiyalar hajmi 40 foizga pasaygan. So‘nggi vaqtlarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ularning hajmini oshirishga muvaffaq bo‘lindi. 

Ta'kidlash joizki, 3.7 milliard dollar Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Rossiya kabi mamlakatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalariga to‘g‘ri kelgan. 

Qo‘mita raisining ta'kidlashicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston Doing Business reytingida 166-o‘rindan 74-pog‘onaga ko‘tarilgan. 2025 yilga borib, O‘zbekiston reytingdagi eng yetakchi 20 mamlakat qatoriga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun esa investitsion tizim yanada takomillashtiriladi. 

Top