12:30 / 09.11.2017
16157

Faxriy kosmonavt haqiqiy fazogirlar yetishib chiqmayotgani sabablari haqida gapirdi

Foto: Xalqaro press-klub

8 noyabr kuni «Le buffet» qahvaxonasida afsonaviy fazogir-uchuvchi Vladimir Jonibekov ishtirokida Xalqaro press klubning Press-qahva formatidagi tadbiri mehmoni bo‘ldi. 

Press-qahva davomida Jonibekov o‘z faoliyati, hayoti, koinotga qilingan parvozlar haqida o‘rtoqlashdi. Shuningdek, fazogir jurnalistlar tomonidan yo‘llangan savollarga javob berdi.   

«O‘zbekiston kundan-kunga o‘zgarib, chiroy ochib bormoqda. Bu yerga yilda 2-3 marta tashrif buyuraman. Shuningdek, Yevropa madaniyatidan ham ko‘p narsalar kirib kelganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Kecha oilamiz bilan otamning 100 yoshga to‘lganini nishonladik. O‘zbekiston hamisha menga mana shunday bayramlar, yoqimli lahzalarni hadya etadi», dedi kosmonavt Press-qahva davomida.

Vladimir Jonibekov – afsonaviy fazogir-uchuvchi bo‘lib, 1942 yil Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. U ikki karra sobiq ittifoq qahramoni, aviatsiya general-mayori hisoblanadi. Jonibekov astronavtika va astrofizika sohasining rivojlanishiga o‘zini munosib hissasini qo‘shgan. Bu inson tufayli tennis raketkasi teoremasi (“Janibekov effekti”) ham ishlab chiqilgan.

1953 yildan 1958 yilgacha bo‘lajak fazogir Toshkentdagi IIVga qarashli Suvorov nomidagi harbiy bilim yurtida o‘qigan, lekin keyinchalik hukumat qarori bilan ushbu bilim yurti qisqartirilgan. Shundan keyin Jonibekov maktabga qaytishga majbur bo‘lgan. Eng ahamiyatlisi, bo‘lajak fazogir maktabni a'lo baholarga bitiradi.

Vladimir Jonibekov haqiqiy kosmonavt bo‘lish uchun insondan qanday ruhiy, jismoniy va psixologik xususiyatlarga ega bo‘lishi kerakligi haqida ham aytib o‘tdi: «Nomzodlarning avvalambor, biologik resurslari yetarlicha bo‘lishi kerak. Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik, katta ishtiyoq, boshlang‘ich amaliyot – bular ham asosiy o‘rin tutadi. Bundan tashqari, genetika ham qobiliyatning paydo bo‘lishida katta rol o‘ynaydi. Bizni salomatligimizga qarab saralab olishgan bo‘lsa, aqliy idrokimizga qarab baho berishgan. Undan so‘ng, haqiqiy fazogir bo‘lish uchun o‘z ustida tinimsiz mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, o‘z istaklaringizni chetga surib, bajarish lozim bo‘lgan ishni qilishga o‘rganish kerak. Biroq zamonamiz yoshlarida aynan mana shu xislat yetishmaydi. Ularning psixologik holati haqiqiy fazogir bo‘lib yetishishda to‘siq bo‘lmoqda».

Foto: Xalqaro press-klub

Kosmonavt shuningdek, avvalari samoda parvoz qilishni istagan yoshlar sog‘lom va baquvvat bo‘lgani, ular orasida raqobat muhiti ham kuchli bo‘lgani, bugungi kunda esa bu sohani egallash istagida bo‘lganlar sezilarli darajada kamayganini ham alohida qayd etdi.  

Foto: Xalqaro press-klub

Jonibekov SSSR vaqtida ko‘plab parvozlarni amalga oshirgan eng malakali fazogir sanaladi. 

Shuningdek, joriy yilda Rossiya kinomatograflari tomonidan Jonibekov sardorlik qilgan «Salyut-7» sovet kosmik apparati haqida ham  film suratga olindi.  «Salyut-7» yer sayyorasi orbita qismida insonning uzoq muddatda ilmiy tadqiqotlar olib borishiga mo‘ljallangan fazo kemasi sanaladi. 

Tadbir davomida Jonibekov atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov haqida ham iliq xotirani yodga oldi:
«Sharof Rashidov o‘zining ochiqligi, samimiyligi bilan ajralib turardi. Menda uning qiziquvchanligi katta taassurot uyg‘otgan. Davlat rahbari bo‘lishiga qaramay, biz u bilan tez va oson til topishib, turli mavzularda suhbat qurardik. Rashidov hamisha havoda muallaq turuvchi fazogirlar holatiga qiziqish bilan qaragan. Kuni kecha, Jizzaxda Sharof Rashidovga qo‘yilgan haykalning ochilish marosimida ishtirok etganimdan xursandman», deya qayd etdi uchuvchi. 

Diqqatga sazovor jihati, Jonibekov fan bilan birga san'at bilan ham shug‘ullanadi. Fazogir kosmos bilan bog‘liq ko‘plab pochta markalari muallifidir. Shuningdek, Jonibekov tasviriy san'at bilan shug‘ullanish bilan birga ma'ruzalar ham o‘qiydi. Uning o‘zga sayyoraliklar haqidagi fikri ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otib kelgan.

Mavzuga oid
Top