23:05 / 10.11.2017
13761

Filippin prezidenti yoshligida qotillik sodir etganini tan oldi

Foto:theguardian.com

O‘zining qattiqqo‘lligi bilan tanilgan Filippin prezidenti Rodrigo Duterte 16 yoshida odam o‘ldirganini ma'lum qildi. U bu haqda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti o‘tayotgan Vetnamning Danang shahrida mahalliy filippinliklar oldidagi nutqida aytib o‘tdi.  

“Men 16 yoshimdayoq odam o‘ldirganman”, deb aytgan Duterte.

Biroq Duterte vakilining aytishicha, prezident buni “hazillashib” aytgan.

Avvalroq ham Duterte shunga o‘xshash bayonot bergandi. U prezidentlik kampaniyasi vaqtida uni haqorat qilgan talabaga o‘q uzgani sababli kollejdan haydalgani haqida gapirib bergan. 2015 yilda Esquire jurnalining Filippinda chiqadigan versiyasi Dutertening 17 yoshda qotillik sodir etgani haqidagi so‘zlarini keltirib o‘tgan. Taxminlarga ko‘ra, Duterte Danangda ham shu hodisa haqida eslab o‘tgan bo‘lishi mumkin. 

Dutertening yordamchilari jurnalistlarga Filippin yetakchisi aytayotgan hamma so‘zlarga ham ishonavermaslikni maslahat qilishadi, chunki u “ko‘pincha hazillashadi yoki juda oshirib yuboradi”.

2016 yilda sobiq yollanma qotil Edgar Matobato Dutertening qotillik sodir etgani haqida gapirib bergan. Matobato 1980- va 1990-yillarda o‘sha vaqtda Davao shahri meri bo‘lgan Duterte buyrug‘i bilan tashkil etilgan “Davao o‘lim eskadroni” jinoiy guruhi a'zosi bo‘lgani haqida so‘zlab bergan. Matobatoning aytishicha, 20 yil davomida jinoiy to‘da a'zolari Dutertening buyrug‘i bilan mingga yaqin odam o‘ldirishgan. Uning ta'kidlashicha, bir qotillikni Dutertening shaxsan o‘zi, milliy tergov byurosi xodimini to‘pponchadan otib tashlab amalga oshirgan.

Duterte 2016 yil mayida Filippinga prezident etib saylangandan keyin giyohvandfurushlikka qarshi katta ko‘lamli kampaniya e'lon qilgan. Bu kampaniya sudsiz amalga oshirilgan ko‘plab qatllarga olib kelgan. 

Mavzuga oid
Top