08:40 / 10.11.2017
38619

iPhone X kamerasi professional fotoapparat bilan taqqoslandi. Natijani o‘zingiz ko‘rishingiz mumkin

iPhone X kamerasi video olish uchun mo‘ljallangan Panasonic GH5 fotokamerasi bilan taqqoslandi. Smartfon bu “bellashuvda” ba'zi jihatlar bo‘yicha ortda qolganiga qaramay, o‘zini munosib ko‘rsatdi.

iPhone X 12 Mp li ikkita kamera bilan jihozlangan. Ikkinchi kamera uzun fokusli obektiv bilan birga ishlaydi, buning evaziga uni suratni optik kattalashtirish uchun qo‘llash mumkin. Birinchi marta iPhone modellari orasida ikkala kamera ham optik barqarorlashtirish tizimi bilan ta'minlandi, bu ayniqsa video olishda asqotadi. Yangi smartfon shuningdek 4K sifatda soniyasiga 60 ta kadr bilan suratga olishga “o‘rgatildi”.

Ushbu yangi imkoniyatlar unda olingan surat sifatini professional kameraniki bilan taqqoslashga kuchli undov bo‘ldi. YouTube’dagi Fstoppers kanali mualliflari bu maqsadda 20 Mp li obektiv, optik barqarorlashtirgich va video olishda katta imkoniyatlarga ega Panasonic GH5 kamerasini olishdi.

iPhone X qorong‘ida suratga olishda professional kameraga yutqazdi. GH5 kamerasi smartfonga nisbatan megapikseli ko‘proq matritsaga ega. Matritsa qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik ko‘proq yorug‘lik qabul qiladi. Bundan surat ochroq chiqadi va unda kamroq “shovqinlar” bo‘ladi, shuning uchun professional kamerada yuqori ISO’ni o‘rnatish zarur emas.

Chapda – iPhone X, o‘ngda — GH5

iPhone X suratni kattalashtirishdagi detallashtirishda ham “bo‘shligi” ma'lum bo‘ldi. Smartfonning optik kattalashtirgichi ikki karra kattalashtirish bilan cheklanadi, so‘ngra esa dasturiy ishlov berish qo‘llanadi. Kamera esa suratni kattalashtirishda obektivning fokus masofasi bilan cheklanadi. Smartfon, shuningdek, barqarorlashtirish tizimi borasida ham yutqazgan.

Kattalashtirish bilan suratga olish natijasi.

iPhone X yorug‘lanish yaxshi bo‘lganda yaxshi natija namoyish qilishi aniqlandi. Smartfon ayniqsa yorqin manzaralarni, ya'ni suratga olinayotgan obekt ortida yorqin nurlanish bo‘lganda yaxshi natija berishi ma'lum bo‘ldi.

Quyida qurilmalarning suratga olish sifatini taqqoslash uchun ko‘proq suratlar keltirdi.

 

Top