15:50 / 10.11.2017
17008

Qizlarni xorijga olib chiqish bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar faoliyati to‘xtatildi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boshqarmasi yosh qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish uchun Taylandning Bangkok shahriga olib chiqish bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar L.Safayeva hamda N.Usmonovalarning faoliyatiga chek qo‘ydi. Ular qizlarni Toshkent-Kiyev-Bangkok yo‘nalishi orqali Taylandga yetkazgan, deya ma'lum qildi MXX rasmiy vakili Lola Yo‘lchiboyeva matbuot brifingida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik xizmati odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy sxemani fosh etgan. O‘zbekistondan uchgan qizlarni Kiyevda ukrainalik Yu.Z. kutib olgan va Kiyev shahri aeroportining chegara xizmatida ishlaydigan turmush o‘rtog‘ining yordamida o‘zbek qizlarini Taylandga uchishini ta'minlagan. 

MXX tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida L.S. va N.U.ga nisbatan JKning 135-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ular sud hukmi bilan uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

MXX Xorazm viloyati boshqarmasi ham viloyat qizlarini BAAga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan yirik uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga barham berishga erishgan. Xususan, BAAda majburiy ishlatish uchun yosh qizlarni izlash, yollash va Xorazmdan olib chiqish bilan Amanova I. shug‘ullangan. Shuningdek, uning viloyatdagi jinoiy sheriklari Atajanov K. va Rajabov Sh. ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qizlar chalg‘ituvchi yo‘nalish, ya'ni O‘zbekiston-Rossiya-BAA yo‘lagi orqali yuborish vazifasini Rahimov U. bajargan bo‘lsa, qizlarning xavfsizligini ta'minlash, qo‘riqlash ishini Atamuratov E. zimmasiga yuklangan. BAAning Dubay shahriga yetib kelgan qizlarni xorazmlik Allamova O. va qashqadaryolik Shabiyeva D.lar kutib olgan.

Tezkor tadbirlar davomida uyushgan jinoiy guruh a'zolari 1995-97 yillarda tug‘ilgan qizlarni Rossiya orqali Dubayga jo‘natish maqsadida Qozog‘istonga olib chiqishga urinish vaqtida qo‘lga olingan. Ayni vaqtda ularga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, dedi Lola Yo‘lchiboyeva. 

Top