08:50 / 10.11.2017
13275

Prezident: Samarqandda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida kamchiliklar ko‘p

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida mintaqada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati haqida ham to‘xtaldi.

“Albatta, qishloq joylarda 43 ta oilaviy poliklinika, shahar va tumanlarda 47 ta ixtisoslashtirilgan bo‘lim tashkil etilib, aholiga yashash joyining o‘zida ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani – katta yangilik, ishimizdagi katta siljishdir, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Joriy yilda shifokorlar yetishmaydigan tuman tibbiyot birlashmalariga 284 ta umumiy amaliyot vrachi va 90 ta aniq ixtisoslik vrachi ishga qabul qilindi. Mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun yangilik bo‘lgan patronaj hamshiralari soni 33 foizga ko‘payib, aholini patronaj tizimi bilan qamrab olish kengaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari xodimlari viloyatga yuborilib, ular tomonidan 6 ming 200 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 90 ta yoki o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘p yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi. Tez tibbiy yordam shoxobchalari qo‘shimcha 100 ta avtomobil bilan ta'minlandi, ularning dori vositalari bilan ta'minlanishi o‘rtacha 2-3 barobar oshirildi. 

Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Lekin bu ishlar hali faqat birinchi qadamlar, xolos. Bu masalada bizni faqat raqamlar emas, balki odamlar hayotidagi o‘zgarish, sifat o‘zgarishi qiziqtiradi. Shu ma'noda, ochiq aytaman, viloyatda bu sohada kamchiliklar ko‘p. Misol uchun, joriy yilning 9 oyi davomida go‘daklar o‘limi o‘tgan yilga nisbatan 17 taga oshib, 435 tani tashkil etgan. Onalar o‘limi ham 16 foizga ko‘paygan. 

Viloyatda onkologik kasalliklar bilan hisobga olingan bemorlarning 62 foizi kasallikning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida, ya'ni, juda kech aniqlangan. Shifokorlar tomonidan profilaktika ko‘riklariga va onkologik kasalliklardan ogohlantirishga yetarli e'tibor qaratilmagani, beparvolikka yo‘l qo‘yilayotgani bunday holatlarga asosiy sabab bo‘lmoqda. Viloyatda bugungi kunda 681 ta vrachlik o‘rni bo‘sh turibdi. Ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalarida 384 ta shifokor o‘rni bo‘sh. Bu muammoni hal qilish uchun Samarqand tibbiyot institutiga va boshqa tibbiyot institutlariga qo‘shimcha o‘rinlar ajratilgan bo‘lsa-da, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayapti. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birga, bir oy muddatda viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirsin”, - dedi davlat rahbari. 

Top