22:38 / 10.11.2017
110947

Saudiya Arabistoni tarixida ilk bor malika hibsga olindi

Foto:arabi21.com

Saudiya Arabistonida hokimiyatning yuqori doiralarida korrupsiyaga barham berish bo‘yicha o‘tkazilayotgan kampaniya doirasida malikalardan biri Rim bint al-Volid ibn Talal 8 noyabrda hibsga olindi. Bu haqda Arabi21 nashri xabar bermoqda.

Avvalroq korrupsiya va pul yuvish aybi bilan malikaning otasi, xalqaro investor, dunyoning eng boy odamlaridan biri Al-Volid ibn Talal ibn Abdulaziz ol Saud hibsga olingandi.    

Saudiya Arabistonida qirollik oilasi a'zolarining hibsga olinishi korrupsiyaga qarshi kurash bilan tushuntirilayotgan bir vaqtda, g‘arbda bu kampaniya valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning siyosiy raqiblarini bartaraf etish bilan bog‘lanmoqda.  

Shahzoda Al-Volid ibn Talal qirol Salmonning jiyani hisoblanadi. U o‘zining boyligini investitsiya loyihalari va aksiyalar xarid qilish orqali to‘plagan. Shahzoda uch marta ajrashgan bo‘lib, hibsga olingan malika uning birinchi turmushidan qizi hisoblanadi.

Shahzoda Al-Volid Saudiya Arabistoni asoschisining nabirasi bo‘lganiga qaramasdan, siyosatdan chetda yurgan va barcha e'tiborini xalqaro korporatsiyasiga qaratgan. O‘tgan yili qirol Salmon uni Saudiya Arabistonining Isroildagi elchisi qilib tayinlamoqchiligi haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan.

Shahzoda 4 noyabrda yana 10 nafar shahzoda va bir necha amaldagi va sobiq vazirlar bilan birga, valiahd shahzoda aksilkorruptsion qo‘mita boshlig‘i etib tayinlangandan bir necha soat o‘tib hibsga olingan. 

Saudiya Arabistoni malikalari haqida gapirilsa, ular avval xorijda bir necha marta javobgarlikka tortilganlar. Misol uchun, 2013 yilda Kaliforniya shtati hukumati tomonidan shahzoda Abdulrahmon bin-Nasir Ol Saudning rafiqasi, malika Mashael Alayban uyida afrikalik xizmatkorni qullikda saqlaganlikda ayblangandi. O‘tgan yil bir parijlik rassom yana bir saudiyalik malika ustidan politsiyaga shikoyat qilgan. Rassom ta'kidlagandek, malikaning qo‘riqchilari uning buyrug‘i bilan rassomni bog‘lab, malikaga tiz cho‘kishga majbur qilishgan. Malikaning nomi oshkor qilinmagan, biroq shunisi ma'lumki, u Saudiya Arabistonini 1975 yildan 1982 yilgacha boshqargan sobiq qirol Xolidning yaqin qarindoshi bo‘lgan. 

2001 yilda AQShning Orlando shahrida Saudiya Arabistonining yana bir sobiq qiroli Faxdning jiyani Binax Ol Saud panjara ortiga tushgan. Unga indoneziyalik xizmatkoriga zo‘ravonlik qo‘llagani tufayli 15 yillik qamoq jazosi xavf solgan. Xizmatkorning aytishicha, malika uni muntazam do‘pposlab kelgan. Malika bir kecha panjara ortida o‘tkazgach, 5 ming dollar garov evaziga ozodlikka chiqarilgan.

Massachusets shtatida yashagan malika Xana al-Jadar 2006 yilda xizmatkorlariga oyiga 300 dollar to‘lab, ularning mehnatidan deyarli uzukun foydalanishda aybdor deb topilgan. Shu sabab malika shartli ravishda ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan va AQShdan deportatsiya qilingan.  

Top