16:45 / 10.11.2017
8812

Jahon banki va O‘zbekiston suv ta'minoti sohasidagi islohotlarni muhokama qildi

Foto: Uzdaily

So‘nggi o‘n yil mobaynida O‘zbekiston hukumati suv ta'minoti va sanitariya (STS) xizmatlari modernizatsiyasiga katta mablag‘lar yo‘naltirdi, Ushbu masala bo‘yicha erishilgan yutuqlarga qaramasdan mamlakat fuqarolari, ayniqsa, qishloq joylarda hamon toza ichimlik suvi bilan muammolarga duch kelishmoqda. 

Jahon Banki STS tizimining barqaror ishlashini ta'minlash va hukumatning aholi suv ta'minoti sohasini isloh qilish dasturini amalga oshirish uchun texnik yordam ko‘rsatish orqali mamlakatdagi STS sektorini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.

Joriy yilning 7 noyabr kuni Toshkent shahrida Jahon banki va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan bir kunlik seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jahon banki ekspertlari va O‘zbekiston vazirliklari hamda idoralari vakillari qatnashdilar. Ishtirokchilar STS sektorini rivojlantirish yo‘lidagi mavjud muammolar va to‘siqlarni muhokama qilib, O‘zbekistonning barcha hududlarida STS xizmatlaridan barqaror foydalanishni ta'minlaydigan bir qator siyosiy va institutsional yechimlarni ko‘rib chiqdilar.

«Ayni damda Jahon banki bilan hamkorlikda Buxoro va Samarqand shaharlari, shuningdek, Sirdaryo hamda Buxoro viloyatlari tumanlarida mahalliy aholining suv ta'minotini yaxshilash maqsadida umumiy miqdori 268 mln. dollar bo‘lgan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdamiz. Shunisi quvonarliki, bugungi seminarda Jahon banki tomonidan STS sektoridagi loyihalarni yanada qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan bu sohadagi islohotlarga texnik ko‘mak ko‘rsatish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan», - deya ta'kidlab o‘tdi O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev o‘zining kirish so‘zida.

«Mamlakat aholisini toza suv bilan ta'minlash hukumatning ustuvor vazifalaridan biri. Jahon banki guruhi ushbu muhim maqsadga erishishga hissa qo‘shmoqda. Suv va kanalizatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirish bilan birga, ushbu sohada siyosiy, institutsional va kadr salohiyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Ushbu investitsiyalar STS sektori uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega va O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishga hissa qo‘shadi», - deya aytib o‘tdi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori. 

Hozirgi kunda Jahon banki O‘zbekistonda qiymati taxminan 2 mlrd. dollar bo‘lgan 16 ta loyihaning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta'lim, shaharsozlik, suv ta'minoti va sanitariya kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.

 

Top