02:09 / 12.11.2017
6245

Formula-1: Chempionlikni naqd qilib qo‘ygan Hemilton bolidini yaroqsiz holga keltirdi

Foto: Twitter/F1

Mercedes’ning britaniyalik poygachisi Lyuis Hemilton Braziliya Gran-prisining saralash bosqichida bolidini urib oldi. Hemilton ikki hafta oldin o‘tgan Meksika Gran-prisida muddatdan avval chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Braziliyadagi saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, 12 noyabrda San-Pauludagi asosiy poygada uning jamoadoshi Valtteri Bottas birinchi bo‘lib start oladi.

“Formula-1”ning 19-bosqichi saralash poygasi Bottasning g‘alabasi bilan yakunlandi. U “Interlagos” avtodromida Ferrari a'zosi, 4 karra jahon chempioni Sebastyan Fettelni bir soniyadan ham kamroq vaqtga ortda qoldirib, trassa rekordini o‘rnatdi (1.08,322).

Asosiy poygada uchinchi bo‘lib Ferrari’ning yana bir a'zosi Kimi Raykkonen start oladi.

Poygachilar 71 ta aylana, umumiy hisobda esa 306 km yo‘l bosib o‘tadilar.

Hemilton esa poyganing birinchi segmentida bolidini yaroqsiz holga keltirgan. U 6-burilishda boshqaruvni eplay olmagan va natijada bolid aylanib ketib, trassadan chiqib ketgan va to‘siqqa borib urilgan.

Poygachi boliddan mustaqil ravishda chiqa olgan va rasmiyatchilikka amal qilgan holda shifokor ko‘rigiga yo‘l olgan. “Barchasi juda tez yuz berdi. Boshqa aytadigan gapim yo‘q. Qiyinchiliklarni yengib o‘tish hayotni ma'noga to‘ldiradi”, deb izoh bergan muvaffaqiyatsizlikka poygachi. 

Shaxsiy hisobda Hemilton 333 ochko bilan Fettelni 56 ochko ortda qoldirmoqda. 2-o‘rindagi Fettelda 277 ochko bor. 3-o‘rinni esa 262 ochko bilan Bottas, 4-o‘rinni Daniel Rikkardo (192 ochko), 5-o‘rinni Raykkonen (178), 6-o‘rinni esa Maks Ferstappen (148) egallamoqda.

Poyganing oxirgi – 20-bosqichi Abu-Dabida 24-26 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

Mavzuga oid
Top