00:48 / 12.11.2017
6678

Saudiya Arabistoni Bahraynga neft berishni vaqtinchalik to‘xtatdi

Foto: AP Photo / Hasan Jamali

Saudiya Arabistoni Bahraynga tortilgan neft quvuri ishini u portlatilgani sababli vaqtinchalik to‘xtatdi va mamlakatning qolgan neft obektlaridagi xavfsizlikni kuchaytirdi. Bu haqda qirollikning energetika vazirligiga iqtibos keltirgan holda “Al-Arabiya” telekanali xabar berdi. 

Bahrayn ichki ishlar vazirligi Saudiya Arabistonidan keluvchi neft quvuri “ekstremistik harakatlar” tufayli portlatilganini ma'lum qilgan. Fuqarolik mudofaasi kuchlari quvurda vujudga kelgan yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Voqea oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan. Politsiya ushbu hodisa yuzasidan tergov boshlagan. 

Saudiya Arabistoni vazirligi ushbu hujumni qoralagan. Ma'lum qilinishicha, Saudiya Arabistonidagi neft obektlarida xavfsizlik “eng yuqori darajaga” ko‘tarilgan.

Neftning Bahraynga vaqtinchalik to‘xtatilishini Saudi Aramco neft kompaniyasi ham tasdiqlagan.

Bahrayn tashqi ishlar vaziri Xolid Al Halifa tvitterdagi xabarda neft quvurining portlatilishida go‘yoki “Bahrayn xavfsizligiga putur yetkazmoqchi va neft bozoriga zarba bermoqchi bo‘layotgan” Eronni ayblagan.

Top