16:55 / 13.11.2017
19026

Iqtidorli o‘quvchi o‘z o‘quv muassasasi uchun boshog‘rig‘imi?

Tinimsiz yoqqan yomg‘ir oqibatida kelgan kuchli sel Kattaqo‘rg‘onning "Oqsoy" mahallasidagi ko‘prikdan ham toshib ketdi. Shu kuni o‘qituvchi o‘z shogirdi bilan Samarqand shahriga borishi kerak edi. Ammo ko‘prikdan o‘tish xavfli bo‘lgani uchun o‘qituvchi yo‘ldan qaytdi. O‘quvchining esa orqaga qaytish niyati yo‘q, ustozining «Joningni xavf ostiga qo‘yma», deya baqirib qolganiga qaramasdan, daftarini kamariga qistirib, gaz quvuriga tirmashganicha soydan o‘tdi. Chunki u bu fursatni anchadan beri kutar, o‘zini ko‘rsatish, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun boshqa imkon yo‘q edi...

Joriy yilning 17 mart kuni Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litseyda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Eng yaxshi innovatsion fikrlash» ko‘rik tanlovida qiziq holat kuzatildi. Ko‘rik tanlovga muassasalarning jamoalari ishtirok etgani holda Kattaqo‘rg‘on agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining «Yosh ixtirochi» jamoasi nomidan faqat bir o‘quvchi qatnashdi. Ammo kutilmaganda o‘quvchining innovatsion g‘oyalari nafaqat hakamlar hay'atining, balki boshqa ta'lim muassasalari vakillarining ham e'tiborini tortdi. Garchi to‘liq jamoa ishtirok etmagan, hatto ta'lim muassasasidan biror o‘qituvchi kelmagan bo‘lsa-da, jamoaning «yolg‘iz jangchi»siga g‘oyalari uchun 2-o‘rin nasib etdi. Bu o‘quvchi o‘sha, toshqin vaqti quvurga tirmashib, soydan o‘tgan Yusufbek Suyarov edi.

Yusufbek Kattaqo‘rg‘on tumanining Moybuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining uchinchi bosqichida o‘qiydi. Esini tanigandan buyon turli ixtirolar qilishga urinadi. Yaqinda uning hech qanday xomashyosiz elektr energiyasi yaratishga moslashgan uskunasi haqidagi maqola ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir qator olimlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tahririyatga viloyatning turli hududlaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi.

Bir qarashda ixtiro juda oddiy: akkumulyatordan quvvat olgan generator elektr toki ishlab chiqaradi. Tokning ma'lum qismi iste'molga, bir qismi esa akkumulyatorni qayta quvvatlashga sarflanadi. Kerakli jihozlar qimmat bo‘lgani bois Yusufbek dastlab shu jihozlar o‘rniga o‘yinchoq mashina motori, qo‘l telefoni akkumulyatori, DVD-pleyerining ichki qismlaridan foydalandi. Keyinchalik mashina akkumulyatori va haqiqiy generatorlardan foydalanganda uskunani sinovdan o‘tkazish uchun sharoit bo‘lmadi. Hatto generatorni sovutish ham muammo bo‘lib qolaverdi. Eng yomoni, bir necha yildan buyon bu kabi turli loyihalardan bosh ko‘tarmay kelayotgan bu ixtirochiga o‘zi tahsil oladigan muassasaning e'tibori ko‘ngildagidek emasga o‘xshaydi.

2015 yil Yusufbek yosh iqtidor egalari uchun o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar haqida televizorda ko‘rib, o‘qituvchisiga «nega biz bormaymiz shunday tanlovlarga, nega bizga aytmaysizlar?» deb shikoyat qiladi. Keyinroq viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasiga, undan keyin respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markaziga murojaat qiladi. O‘z ishlanmalarini ko‘rsatib, yordam so‘raydi. Afsuski, o‘quvchi bugungacha hech kimdan biror yordam olgan emas.

Biz ta'lim muassasasi rahbariyatining iqtidorli yoshlarga bunday e'tiborsizligiga shubha bilan qarab, Yusufbekka kollej rahbariyatiga qayta murojaat qilishini aytdik. Muassasa direktori o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasiga yozma murojaat qilsa, uskunasini sinovdan o‘tkazish uchun sharoit yaratilishini aytdi. Oradan o‘n kun o‘tib Yucufbek hech qanday harakat bo‘lmaganini aytgach, kollej direktori o‘rinbosari bilan gaplashdik.

— Yusufbek o‘z uskunasini sinovdan o‘tkazish uchun sharoit kerakligini aytgandir, domla?

— Ha, bilaman.

— Boshqarmaga xat yuborildimi, natijasi nima bo‘ldi?

— Yo‘q, xat yubormadik.

— Yo‘g‘-ye, nega?

— ...

— Domla, bilamiz, Yusufbek bir necha joylarga murojaat qilib, sizlarga «boshog‘riq» bo‘lgandir. Ammo uni qo‘llab-quvvatlash kerak-ku? Umuman, shu yigitni qo‘llash uchun kollej tomonidan shu vaqtgacha biror ish qilinganmi?

— Boshqarma biladi, bu bola haqida...

Mana shu qisqa suhbat, ochig‘i, ushbu muassasada iqtidor egalariga qanchalar og‘ir ekanini bilish uchun yetarli bo‘ldi. Aksariyat ta'lim muassasalariga borsangiz, iqtidorli o‘quvchilar burchagi tashkil etilib, ularning suratlariyu diplomlari, ishlanmalari osib qo‘yilganiga, muassasa rahbariyati bunday o‘quvchilar bilan faxrlanishiga guvoh bo‘lasiz. Ular har doim muassasa rahbariyatining diqqat-eʼtiborida bo‘lib, ko‘proq izlanishlari uchun rag‘bat beriladi. Ammo Kattaqo‘rg‘on agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining tutgan yo‘lini, ochig‘i, tushunishga ojizmiz.

Darvoqe, Yusufbekning loyihasi bilan tanishib, zora biror qiziquvchi topilar degan ma'noda u haqdagi maqolani Samarqand davlat universiteti fizika fakultetiga yubordik. Nazariy jihatdan ushbu loyihani amalga oshirish mumkin yoki yo‘qligi haqida olimlar fikri kerakligini bayon etdik. Oradan bir necha kun o‘tib, fakultetga qo‘ng‘iroq qilib yana o‘sha savolni qaytardik. «Yusufbekning loyihasi nazariy jihatdan to‘g‘rimi, fizika fani nima deydi?» Ammo domlaning javobi kollej ma'muriyatinikidan qolishmadi. Bu ishlanmani o‘qib ko‘rishlari uchun avval ixtirochi patent olishi lozim ekan! Domla bilan gaplashib shuni bildikki, bu kabi ixtirolar yiliga o‘nlab kelar, biroq patent bo‘lmagani uchun ko‘rib chiqilmas ekan. Domlaga patent bizni mutlaqo qiziqtirmasligi, loyiha nazariy jihatdan to‘g‘rimi, yo‘qmi, shu haqda fikri kerakligini yana bir bor bildirganimizdagina o‘qib chiqishini aytdi. O‘qib chiqqanda esa uncha tushunmagani-yu, bola uskunasini bir olib kelsa ko‘rishini bildirdi. Yusufbekning uskunasini Samarqand shahriga olib kelishga ham imkoni bo‘lmagani uchun oliygoh olimlari ixtirochi oldiga borishga qiziqarmikan, deb umid qilgandik. Afsuski, unday bo‘lmadi.

Ushbu maqolani yozishdan oldin Yusufbek ustozlari, o‘qish joyini yozmasligimizni iltimos qildi. Butun dunyo davlatlari muhandislarga muhtoj, taraqqiyot faqat shularga qarab qolgan bir vaqtda, ayrim davlatlarda bolalarni ilmga qiziqtirish eng katta muammo bo‘lib turgan davrda biz Yusufbekning bu iltimosini rad etishga majbur bo‘ldik. Axir, loaqal bir og‘iz so‘z bilan o‘quvchiga dalda bo‘lmagan ta'lim muassasasidan nima kutish mumkin?

P.S. Yusufbekning ishlanmasi haqida internetda xabar topgan olimlar bola qanchalik bilimli bo‘lmasin, bunday uskunani yaratishning iloji yo‘qligini, yaxshisi, u ustozlari yordamida boshqa loyihalarga qo‘l ursa, albatta juda katta muvaffaqiyatlarga erishishini bildirishdi. To‘g‘ri, bilimli, ilm-fan sirlaridan foydalanib yangiliklar yaratishga chanqoq bu yigitdan ko‘p narsa kutish mumkin. Buning uchun unga ozgina e'tibor kerak-da.

Anvar MUSTAFOQULOV

Top