19:55 / 13.11.2017
11344

Samarasiz boshqaruvchilarga mukofotlar berilmaydi

Foto: Fotolia

QHTBT portalida Mehnat kodeksiga kiritiladigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar loyihasining davomi joylashtirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Kreditni qoplashga – barcha ish haqi

Ish beruvchi xodimning arizasiga binoan uning ish haqini yoki uning bir qismini u olgan kreditni qoplash hisobiga bank yoxud kredit tashkilotiga o‘tkazishi mumkin. Bu ish haqidan chegirib qolish hisoblanmaydi.

Bekor turib qolishda minimal to‘lov kafolatlanadi

Hozir xodimning aybisiz bekor turib qolishda uning o‘rtacha ish haqi miqdorida haq to‘lanadi. Loyiha bilan o‘rtacha ish haqining 50 foizidan kam bo‘lmagan minimal to‘lovni kafolatlash taklif qilinmoqda. Bunda qonunda yuqori chegara belgilanmaydi, u jamoa shartnomasida yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Biroq, agar bekor turib qolishda xodimning aybi o‘rnatilsa, shu davr uchun unga to‘langan ish haqi undirib olinadi.

Samarasiz boshqaruvchilarga mukofotlar berilmaydi

Ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt faoliyatining samaradorligi qoniqarsiz yoki past deb topilgan yoxud baholanmagan taqdirda boshqaruv va kuzatuv kengashlari a'zolari (shtatdagilardan tashqari) uchun rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlar (mukofotlar, ustamalar, qo‘shimcha haq) amalga oshirilmaydi.

O‘rindoshlar uchun – soatbay to‘lov

•  Soatbay tarif stavkasi bo‘yicha;
•  to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida;
•  o‘rindoshlik bo‘yicha ishlaydiganlarga. Hozir o‘rindoshlar mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasiga muvofiq mehnatga haq to‘lashning ishbay shaklida - haqiqatda bajarilgan ish uchun yoki mehnatga haq to‘lashning vaqtbay shaklida - ishlangan vaqtga mutanosib tarzda amalga oshiriladi;
•  uzrli sabablarga ko‘ra (kasallik, ta'til, davlat, jamoat va harbiy majburiyatlarni bajarish va hokazo) belgilangan ish vaqti me'yorini ishlamaganlarga nisbatan mehnatga soatbay haq to‘lashni joriy etish taklif qilinmoqda.

Vaxta ishlari, me'yorlash va o‘rtacha oylik ish haqi hisob-kitobi bayon qilinadi

Vaxta ish usuli xodimning doimiy yashash joyi yoki ish beruvchining joylashgan joyi ancha olis bo‘lganda hamda xodim har kuni yashash joyiga kelishining imkoniyati yo‘q bo‘lganda qo‘llaniladi.

Vaxtachilarga har bir kalendar kun uchun mehnatga haq to‘lashning minimal miqdoriga nisbatan 10 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Ma'lumot uchun: hozirgi vaqtda vaxta usuli olis va alohida muhim obektlarda qurilish-montaj ishlarida qo‘llaniladi (hujjatga qarang).

Mehnat me'yori ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish, texnika va texnologiyalar, jumladan axborot-kompyuter texnologiyalarining rivojlanishi darajasidan kelib chiqib belgilanadi.

O‘rtacha ish haqini belgilash tartibi pensiyalar va davlat ijtimoiy sug‘urta nafaqalarini hisoblab chiqarishdan tashqari barcha holatlar uchun yagona bo‘ladi. O‘rtacha ish haqi sug‘urta badali hisoblanadigan barcha to‘lovlarni o‘z ichiga oladigan, haqiqatda hisoblab yozilgan ish haqidan va oldingi 12 kalendar oyi uchun haqiqatda ishlangan vaqtdan kelib chiqib quyidagicha hisoblab chiqariladi:

•  o‘rtacha oylik ish haqi – oldingi 12 oy uchun haqiqatda hisoblab yozilgan ish haqini 12 ga bo‘lish yo‘li bilan;
•  o‘rtacha kunlik ish haqi - hisoblab yozilgan ish haqi summasini oldingi 12 kalendar oyi uchun 6-kunlik ish haftasida kalendar bo‘yicha ish kunlari soniga bo‘lish yo‘li bilan.

12 oydan kam ishlagan xodimlar uchun o‘rtacha oylik va o‘rtacha kunlik ish haqi haqiqatda ishlangan vaqt uchun aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 11.03.1997 yildagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan tartib amal qilmoqda.

Mavzuga oid
Top