Har gal biror sayyohga duch kelsam, bundan bir necha yil ilgarigi voqea yodimga tushadi:

Uyimizda fransiyalik ijodkorlar mehmon bo'lishdi. Saharlab shahar aylanishga chiqdik. Samarqandda ikkinchi bor bo'lishlariga qaramay, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim majmuasi, «Siyob» dehqon bozori, Samarqand shahridagi muzeylar — hammasini hayrat bilan tomosha qilishdi. Tushlikka yaqin «Palov tayyorlayapmiz», deb uyga taklif qildim.

«Yo'q, yo'q, — bosh chayqadi ulardan biri. — Hozir yoz fasli. Havoni qarang. Bunday paytda eng yaxshi tushlik — bitta Samarqand noni bilan tarvuz-da. Palovni yaxshi ko'ramiz, ammo palov yeganga yarasha quvvat sarflay olamizmi?».

Hayratlandim. «Sihat tilasang, kam ye, izzat tilasang, kam de», degan maqolga biz emas, fransuzlar ko'proq amal qilisharkan-da, deya xulosa qilgandim o'shanda.

Kundan-kun o'zgarib borayotgan zamon shiddati, tezkor hayot tarzi bizga imkon qoldirmayapti: biz yo'l-yo'lakay ovqatlanamiz, vaqtni tejab (yoki tezpishar taomga mazaxo'rak bo'lib qolganmiz) fastfudga yuguramiz, nonushtani ham, kechki ovqatni ham televizordan ko'z uzmay «yutib» qo'ya qolamiz. Ko'pchiligimiz ovqatlanishda me`yorga amal qilmay qo'ydik. Biz yeymiz, yeyaveramiz. Bizdan ko'rib bolalarimiz ham yeydi, yeyaveradi. Agar biror ziyofat, bazm chiqib qolsa, oshqozonning holiga voy.

Ota-bobolarimiz bir hovuch mayiz, to'rtta yong'oq, bir piyola choy bilan nonushta qilib, ketmonini orqalagan bo'lsa, bugun biz — to'rt qadam piyoda yurishga holi yo'q zamonaviy insonlar nonushtamizda issiqqina somsalar, yumshoqqina non, kolbasayu sariyog' bo'lmasa, ko'nglimiz joyiga tushmaydi. Ayrimlar esa butunlay teskari yo'l tutadi: nonushtadan voz kechib, bir kecha-kunduzlik kaloriyaning asosiy ulushini kechki ovqat mahali qabul qiladi.

Ba`zan o'zimizga «Yaxshi ovqatlanaman, buncha kasallik qayoqdan?» deb savol beramiz. Ammo to'yib ovqatlanish bilan to'g'ri ovqatlanish orasida farq bor. Noto'g'ri ovqatlanish ortiqcha vaznga, buning orqasidan turli xastaliklarga sabab bo'ladi. Mutaxassislarning yozishicha, semizlik yurak-qon tomir kasalliklari (ateroskleroz, arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi), suyak-bo'g'im (osteoxondroz, deformatsiyalovchi osteoartroz) va endokrin tizimi (2-turdagi qandli diabet), onkologik kasalliklarning ko'plab turlari (to'g'ri ichak, ko'krak bezi saratoni) kabi a`zolar va tizimlarda turli xastaliklar yuzaga kelishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Tibbiy risolalarda har bir kishi ta`biga qarab ovqatlanishi zarurligi ta`kidlanadi. Kishi o'z organizmi ehtiyojlariga quloq tuta bilishi va o'zi uchun foydali, hazmi yengil taomlarni iste`mol qilishi kerak. Aslida to'y-ma`rakalarda yoziladigan dasturxonda noz-ne`matlarning sarxilligi ham shu bilan bog'liq: har kim ta`biga ko'ra tanlab yeyishi kerak. Ba`zida bizdagi odob-axloq me`yorlari mezbon keltirgan har qanday taomni yeyishga majbur qiladi. «Oshqozonim nozik, osh bo'lmaydi», deya olmaymiz. Hamma qatori oshaymiz. Keyingi ahvol o'zimizga ma`lum. Ayrimlar esa seryog', hazmi og'ir taomlar salomatligiga zararligini bila turib, nafsini tiya olmaydi.

60 yoshdan keyin ovqatlanishga ayniqsa, e`tiborli bo'lish lozim. Axir hamma oilalarda ham bolalarga alohida, kattalarga va qariyalarga alohida taom tayyorlanmaydi, bir qozondan ovqat yeymiz. Bunda eng maqbuli — me`yorga amal qilish. Bolalarga ko'proq kaloriya, keksalarga harakatiga yarasha quvvat beruvchi taomlar kerak.

 

Zilola OMONOVA,

jurnalist