21:10 / 15.11.2017
7950

Xitoydagi yirik avtohalokatda 18 kishi halok bo‘ldi

Foto:CCTV

Xitoyning sharqidagi Anxoy viloyatida 30 dan ko‘proq mashina ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasida 18 kishi halok bo‘ldi, 21 kishi jarohat oldi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi ma'lum qildi. 

Jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan, ulardan 11 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Ma'lum qilinishicha, avtohalokat 15 noyabr soat 7:50lar atrofida Fuyan va Xefey shaharlarini bog‘lovchi tezkor trassada yuz bergan. To‘qnashuv oqibatida bir nechta mashina yonib ketgan.  Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruvchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari ish olib borgan. 

YTHning sabablari aniqlashtirilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, avtohalokatga quyuq tuman sabab bo‘lgan. Buning oqibatida ko‘rinish darajasi tushib ketgan. Bu esa bir nechta kichik to‘qnashuvlarga olib kelgan va katta tezlikda kelayotgan mashinalar birin-ketin bir-biriga urila boshlagan. Ushbu YTH 3-4 kilometrlik tirbandlik hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Top