15:20 / 15.11.2017
33007

MB raisi o‘rinbosari xorijiy valyuta jismoniy shaxslarga nega naqdsiz ko‘rinishda sotilayotganiga izoh berdi

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston bo‘ylab erkin valyuta konvertatsiya amaliyoti joriy qilinishi bilan jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani plastik kartochka orqali naqdsiz ko‘rinishda sotish yo‘lga qo‘yilgandi. Xo‘sh, bu amaliyotdan ko‘zlangan maqsad nima? Oddiy aholi qachon naqd ko‘rinishdagi xorijiy valyutani banklardan sotib olishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidovning fikricha, avvalambor, valyuta liberalizatsiyaning asosiy maqsadi nima degan savolga to‘xtalib o‘tishim lozim. Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga u quyidagicha javob qaytardi: «Ushbu amaliyotning asosiy maqsadi - norasmiy bozorda valyuta ayirboshlash hajmi ancha oshib ketganini hisobga olib, buni tan olib, ushbu bozorda faoliyat yuritayotgan shaxs va resurslarni rasmiy bozorga ko‘chirish. Soddaroq qilib aytganda, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, degani.

Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan valyuta liberallashuviga oid qarorda ham respublika hududidagi barcha to‘lovlar o‘zbek so‘mida amalga oshirilishi belgilangandi. Agar mamlakatdan tashqarida foydalanish uchun xorijiy valyuta zarur bo‘lsa, mijozlarning plastik kartochkasiga naqdsiz ko‘rinishda valyuta tushirib beriladi. Bu plastik kartochkalar xorijda cheklovsiz ishlashi belgilangan.

Mantiqan o‘ylab qaralsa, O‘zbekiston bo‘yicha barcha to‘lovlar so‘m valyutasida bo‘lsa, xorijga chiqishda yo zaruriyat chog‘ida plastik kartochkaga valyuta tushirib berilsa, mamlakat ichida naqd ko‘rinishdagi valyutani sotib olishga qanday zaruriyat va qonuniy asos bor?

Agar gap jamg‘armalar haqida ketsa, uni ham naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirishning imkoniyat bor», deydi rais o‘rinbosari Botir Zohidov.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari bildirilgan fikr bilan «O‘zbekistonda xorijiy valyuta naqd ko‘rinishda sotib olish imkoniyati» bo‘lmaydi, degan gapdan yiroqda ekanini aytdi.

«Islohotlarimizning samarali, xalqqa nafi tegadigan bo‘lishida barcha omillarni tahlil qilib, keyingi bosqichga chiqishimiz zarur», deydi u.

Markaziy bank vakili «naqdsiz valyutaning sotilishi islohotlar boshlanishida chayqovchilik bosimini, xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning keskin oshishiga qarshi qo‘llanayotgan vaqtincha chora» ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Top