07:00 / 15.11.2017
11490

Pentagon IShID yetakchisi al-Bag‘dodiy qayerdaligini bilmacligini ma'lum qildi

Foto: Reuters

Pentagon IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy qayerda yashirinayotgani haqidagi ma'lumotga hanuzgacha ega emas. Bu haqda jurnalistlar uchun brifingda AQShning quruqlikdagi qo‘shinlari polkovnigi, AQSh boshchiligidagi koalitsiya tomonidan Iroq va Suriyada olib borilayotgan “Tebranmas qat'iyat” operatsiyasi shtabi vakili Rayan Dillon ma'lum qildi. Brifing Bag‘doddan olib borilgan va Pentagon tomonidan translyatsiya qilingan.

“Biz al-Bag‘dodiy qayerdaligini bilmaymiz. Biz uni qidirmoqdamiz”, deb aytgan Dillon. Uning aytishicha, amerikalik professionallar IShID yetakchilarini, jumladan, al-Bag‘dodiyni qidirish bilan shug‘ullanmoqda. “Joriy yilda biz al-Bag‘dodiyning yordamchilari va IShIDning dala qo‘mondonlaridan 117 nafarini aniqlab, yo‘q qildik”, deb aytgan Dillon va kuni-kecha bu ro‘yxat yana 3 kishiga ko‘payganini qo‘shimcha qilgan.

Polkovnik amerikalik harbiylar Iroq va Suriyada IShIDdan kimnidir ushlab so‘roq qilishgani haqidagi savolga rad javobini berdi. “Bilishimcha, bizda birorta jangari asirda yo‘q”, deb aytgan Dillon va AQShning “Suriya demokratik kuchlari”dan ittifoqdoshlari va Iroq hukumat qo‘shinlari qandaydir miqdorda jangarilarni asirga olganlarini, biroq ularning aniq sonini ayta olmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Pentagon o‘z saytida ko‘rsatishicha, AQSh 2014 yil 8 avgustidan boshlangan “Tebranmas qat'iyat” operatsiyasini amalga oshirish uchun joriy iyun oxiriga qadar 14,3 mlrd dollar sarflagan.

Mavzuga oid
Top