17:50 / 15.11.2017
23705

Peterburgda sergak ayol o‘zbekistonlik talabani asirlikdan qutqarishga yordam berdi

Peterburgda pensioner ayol o‘zining hushyorligi tufayli ikkinchi bosqich talabasini qutqarib qoldi. Yigitni uning tanishi qarzi tufayli o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘lgan, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.

13 noyabr kuni politsiyaga Kirov tumanida istiqomat qiluvchi 58 yoshli ayoldan qo‘ng‘iroq kelib tushgan, u shubhali shaxslar yigitga hujum qilib, uni Chevrolet Lacetti’ga itarib kirgizishgani haqida xabar bergan. Jinoyat Zina Portnova ko‘chasi bo‘ylab joylashgan 54-uy yaqinida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Ayol shu darajada sergak bo‘lganki, hatto shubhali avtoning davlat raqamlarini ham aytib berdi.

Rosgvardiya otryadi bir soat ichida Chevrolet’ni shu tumandan topdi. Mashinada to‘rt kishi o‘tirgan, ta'kidlanishicha, ulardan birontasi ham mashina egasi bo‘lmagan. Ular orasida O‘zbekistonning 25 yoshli fuqarosi, Texnika universitetida ta'lim oluvchi yigit ham o‘tirgan. Mashinadagi barcha shaxslarni politsiya bo‘linmasiga olib ketishdi.

Bo‘linmada talaba ariza yozib, uni tanishining qarzlari tufayli o‘g‘irlab ketishganini bayon etgan. Qiz yuqoridagi shaxslardan 130 ming rubl qarzdor bo‘lib qolgan. Yigitni esa qarzdorning manzilini bilib olish maqsadida o‘g‘irlashgani ma'lum bo‘ldi.

Ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.

Top