00:07 / 15.11.2017
9857

Tashqi ishlar vazirligi 9 oy yakunlari bo‘yicha hisobot taqdim etdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2017 yilning 9 oyi davomida o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq xalqaro sahnada mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyat olib bordi. TIV matbuot xizmati shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi.

O‘zbekiston Prezidentining Turkmaniston (6-7 martda, 19-20 mayda, 17 sentabr), Qozog‘iston (22-23 mart, 29 aprel va 8-9 iyun, 9-10 sentabr), Rossiya (4-5-aprel), Xitoy (12-15-may), Saudiya Arabistoni (21-may), Qirg‘iziston (5-6-sentabr) hamda AQShga (18-20-sentabr) davlat va amaliy tashriflari tashkil etildi.

Shuningdek Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga (16-17-sentabr) davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi.

2017 yilning 9 oyi mobaynida TIV Konsullik boshqarmasi va O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan chet el fuqarolariga O‘zbekistonga kirish vizasini berish, biometrik pasportni almashtirish/berish, vatanga qaytish to‘g‘risidagi guvohnoma berish, fuqarolik holatini qayd etish, notarial xizmat ko‘rsatish va boshqa masalalar bilan bog‘liq jami 308,879 ta konsullik amallari bajarildi.

Hisobot davri mobaynida eng ko‘p konsullik harakatlari O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston (55.938), Rossiya (25.866), Turkmaniston (17.005), Qozog‘iston (16.381), Janubiy Koreya (13.874), Germaniya (13.376), Xitoy (12.603) va Hindistondagi (11.925) elchixonalarida amalga oshirildi.

2017 yilning yanvar-sentabr oylari davomida 224.022 nafar chet el fuqarolariga, shu jumladan, 96.752 nafar sayyoh va 32.898 nafar tadbirkorga ham O‘zbekistonga kirish vizalari berildi. 2016 yilning shu davriga nisbatan berilgan vizalar umumiy soni 21 foizga, shu jumladan, berilgan sayyohlik vizalari - 24 foiz, tadbirkorlik vizalari 27 foizga oshdi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan 2017 yilning 9 oyi davomida eng ko‘p konsullik-huquqiy harakatlar amalga oshirilgan davlatlar

Manba: Tashqi ishlar vazirligi

Joriy yilning 5 iyul kuni videokonferensiya shaklida Tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston” TV va “MY5” telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan videokonferensiyada Tashqi ishlar vaziri studiyada, mamlakat ichida va uning tashqarisida bo‘lgan vatandoshlarimizning savollariga javob berdi. Savollar asosan vatandoshlar uchun muhim bo‘lgan fuqarolik masalalari, hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ularni tiklash, yaqinlar va qarindoshlarni izlash, murakkab vaziyatlarda yordam berish va boshqa holatlarga tegishli bo‘ldi.

TIVning yuqorida keltirilgan tadbiri yakunlarini idoralararo har tomomlama o‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi 5055-sonli “Tashqi ishlar vazirligining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti” natijalarini amalga oshirish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhni shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan Idoralararo ishchi guruh tuzilib uning tarkibiga Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, MXX, IIB, Davlat personallashtirish markazi va O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi vakillari kiritildi.

2017 yilning 21 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi 5055-sonli farmoyishi asosida shakllantirilgan Tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida eshittirilgan muammolarni yechish va takliflarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhning maqsad va vazifalarini mahalliy, xorijiy OAV va O‘zbekiston Respublikasida yashovchi keng aholi qatlamlariga yetkazishga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid
Top