10:49 / 16.11.2017
29035

Foto: JCh-2018 ishtirokchilari bitta suratda

2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha 32 terma jamoa nomi ma'lum bo‘ldi.

Qit'alararo pley-off bahslarida Peru Yangi Zelandiya to‘sig‘idan o‘tdi va oxirgi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Yevropa Rossiyadagi turnirga 14 terma jamoa taqdim etadi, ulardan 9tasi guruhlarda birinchi o‘rinlarni egallagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lgan, 4ta terma jamoa guruhlarda ikkinchi bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida ikki uchrashuvdan iborat o‘tish o‘yinlari orqali chiqqan. UYeFA hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga Fransiya, Portugaliya, Germaniya, Serbiya, Polsha, Angliya, Ispaniya, Belgiya va Islandiya ega bo‘lgan. Xorvatiya, Shveytsariya, Daniya va Shvetsiya pley-off o‘yinlari orqali chiqishdi, o‘n to‘rtinchi vakil mezbon - Rossiya.

Janubiy Amerika futbol konfederatsiya (KONMeBOL) hududidan Braziliya, Urugvay, Argentina va Kolumbiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lishdi, Peru beshinchi o‘rinni egalladi va pley-offda Okeaniya vakili Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinlar o‘tkazdi (0:0, 2:0).

Meksika, Kosta-Rika va Panama jahon chempionatining final qismiga Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi (KONKAKAF) hududida saralashning 5-raundida dastlabki 3 o‘rinni egallagan holda chiqdi. Osiyo futbol konfederatsiyaga to‘rt o‘rin ajratilgandi: Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni bu o‘rinlarni band qildi. Saralashning 4-raundida Suriyani mag‘lub etgan Avstraliya pley-offda KONKAKAF vakili Hondurasni mag‘lub etdi (0:0, 3:1).

Afrika futbol konfederatsiyasida esa Tunis, Nigeriya, Marokash, Senegal va Misr o‘z guruhlarida g‘olib chiqqan holda Rossiyaga boradigan bo‘lishdi.

Niderlandiya, Chili, AQSh, Chexiya, Uels, Ukraina va O‘ZBeKISTON kabi terma jamoalar guruhdayoq qolib ketishdi, Italiya, Irlandiya, Gretsiya va Shimoliy Irlandiya kabi terma jamoalar pley-offdan o‘ta olishmadi.

Rossiya mundiali uchun qur'a tashlash marosimi 1 dekabr kuni Moskvada o‘tkaziladi, turnir 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 8 shahridagi 11 stadionda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Qur'ada terma jamoalar 4ta savatchaga ajratiladi.

Top