23:41 / 16.11.2017
5794

Xitoyda pasport o‘rniga smartfondan foydalanish imkoni paydo bo‘ldi

Foto: EAST NEWS

Xitoyning Xubey viloyatidagi Uxan shahrida yashovchi fuqarolar endi yonlarida pasport olib yurmasliklari mumkin. Bunda ularga shaxslarini tasdiqlovchi raqamli hujjatni taqdim qilish uchun telefon va mobil dastur kifoya qiladi. Bu hujjat yaqinda politsiyada ham qabul qilina boshlanadi, deb xabar bermoqda China Daily.

Xitoy jamoat xavfsizligi byurosi Uxan shahrida shaxsni aniqlash uchun mobil dasturni ishga tushirdi. Dasturda Xitoyda amal qiluvchi barcha 8 hujjatning raqamli variantini olish mumkin, bular: shaxsni tasdiqlovchi standart hujjat, milliy pasport, Hongkong va Makaoga kirishga ruxsat beruvchi hujjat, Xitoyning qit'adagi qismida yashovchilar hujjati, Tayvandan chiqish uchun hujjat, uy xo‘jaliklarini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjati, yashash uchun ruxsat beruvchi hujjat va haydovchilik guvohnomasi. Foydalanuvchi dasturda ro‘yxatdan o‘tish uchun ismini, amaldagi pasporti va telefoni raqamlarini kiritishi va so‘ngra biometrik ma'lumotlarni yig‘ish uchun yuzni tanish jarayonidan o‘tishi kerak.

Uxan Xitoyda elektron identifikatorlar kiritilgan birinchi shahardir. Mahalliy ro‘yxatga olish byurosi zobiti Ley Tszining aytishicha, avgustdan beri ushbu dasturdan 42 mingdan ko‘proq odam foydalangan. Ulardan aksariyatini, ya'ni 70 foizini talabalar tashkil qiladi.

Uxanga Xitoyning boshqa yerlaridan ko‘chib keluvchilar yangi dastur orqali propiskalarini o‘zgartirishlari mumkin. Xitoyning boshqa joylarida buning uchun jamoat xavfsizligi byurosiga pasport bilan shaxsan kelish talab etiladi. Dasturni shuningdek haydovchilik guvohnomalarini olishda, mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishda va binoga kirishga ruxsat sifatida qo‘llash mumkin. 

Xitoy yaqin orada yirik shaharlaridan birida xodimlar bo‘lmagan politsiya bo‘limi ochilishini e'lon qildi. Bo‘limda haydovchilik guvohnomasiga imtihon topshirish, pasport olishga ariza berish va boshqa xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top