09:41 / 16.11.2017
7643

Tramp Osiyo bo‘ylab turnesi bo‘yicha axborot berdi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp uning Osiyo bo‘ylab turnesi “ulkan muvaffaqiyat bilan” o‘tganini aytdi. Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.   

“Bizning delegatsiyani, jumladan meni ulkan mehmondo‘stlik, iliqlik va eng asosiysi, hurmat bilan qabul qilishdi”, deb aytdi Tramp Oq uydagi chiqishida.

“Safar davomida butun dunyo kuchli, mag‘rur va o‘ziga ishongan Amerikani ko‘rdi”, deb aytdi Tramp.

U, shuningdek, Osiyoga tashrifidan ko‘zlangan maqsadlar xususida to‘xtalib o‘tdi. 

“Ikki bosh maqsaddan biri halol va o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak bo‘lgan savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralar bo‘ldi”, deb ta'kidlab o‘tdi Tramp.

Uning aytishicha, u avvalgi ma'muriyat tomondan tuzilgan, AQSh uchun “falokatli” bo‘lgan Janubiy Koreya bilan savdo bitimini o‘zgartirish bo‘yicha muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazdi.    

Tramp shuningdek Xitoy kompaniyalari bilan 200 mlrd dollarlik shartnomalar tuzilishida hissasi katta bo‘lganini aytib o‘tdi.

Tramp 12 kun davomida Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Vetnam va Filippinda bo‘ldi. U Vetnamda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi va Filippinda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) sammitlarida ishtirok etdi.     

Tramp avvalroq Osiyo bo‘ylab turnesi vaqtida ko‘plab yangi do‘stlar orttirganini aytib o‘tgandi.

 

Top